16 Noyabr 2024 Yil 580

Firibgarning bahonasi

Yoshligidan mehnatda suyagi qotmagan Sherzod ulg‘ayib ham ishyoqmas, dangasaligini tashlamadi. Kunlik yollanma ishni ham qoyillatib qo‘ygan joyi yo‘q. Fikri-zikri belini bukmay pul topish, topganini o‘sha kuniyoq jig‘ildoniga urish. Har kim feʼli, niyatiga yarasha oladi, deganlaridek, mo‘may daromad topishni niyat qilgan Sherzod firibgarlikka qo‘l urib 5 marotaba sudning qora kursisiga o‘tirishiga to‘g‘ri keldi. Oxirgi qamalishida 2023 yili ozodlik yuzini ko‘rdi. Biroq bu ham unga saboq bo‘lmadi. Oradan bir necha oy o‘tib, tavbasiga tayanmagan Sherzod, 2023 yilning avgust oyida telegram messenjeridagi “Talabalarga ijaraga kvartira” guruhiga kirib, metroning “Toshkent” bekatidagi ko‘p qavatli uylarning birida, aslida mavjud bo‘lmagan 2 xonali xonadonni 240 AQSH dollariga ijaraga berishi haqida eʼlon kiritdi. Uning qarmog‘iga X.Ashurali ilindi. Sherzod boshlang‘ich to‘loviga bir million so‘m bersa,  ikki kundan so‘ng xonani bo‘shatib berishiga ishontirdi. Ashurali  puli tayyorligini aytdi. Sherzod qayerga kelib, kimga pul berib yuborishini tushuntirdi va tanishi Karimga bir odam undan qarzdorligini, hozir vaqti yo‘qligini, aytilgan manzildan pulni keltirib berishini iltimos qildi. Karim kelishilgan joyda Ashurali bilan uchrashib, biron bir savol-javobsiz pulni oldi-yu, Sherzodga eltib berdi. Sherzod pulni oldindan tanish-bilishlaridan olgan qarzlariga to‘laydi. Ashurali ikki kun o‘tib, undan keyin ham Sherodga qo‘ng‘iroq qilib uni topa olmaydi. Aldanganini bilgach, Yangihayot tumani ichki ishlar organlariga murojaat etadi.

— Muqaddam besh marotaba firibgarligi uchun sudlangan Sherzod mahalla profilaktika inspektori, hokim yordamchisi tomonidan taklif qilingan biror ishga bo‘yni yor bermagan, – deydi Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Otamurod Tursunpo‘latov, – Firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan Sherzodga halol mehnat qilish fikri begona. Qilmishini esa “urmasam, so‘kmasam, o‘zlari o‘z ixtiyorlari bilan berishadi, so‘rab-surishtirmasa, ayb mendamas”, deb oqlaganiga nima deysiz?!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi ochiq sud majlisida N.Sherzodning qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga to‘la iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, yengilroq jazo berishini so‘raganligi inobatga olinib, Sherzod ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech