16 Noyabr 2024 Yil 407

Birovning do‘ppisi tor kelganda...

2023 yil 26 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 1989 yilda tug‘ilgan U.Anvarning jinoiy qilmishi ko‘rib chiqildi va u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3- qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.

Mazkur jazo Anvarga qaysi qilmishlari uchun berilgani haqida Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Ismoil G‘afforov quyidagilarni bayon qildi.

— Anvar muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik jinoyati uchun sudlangan bo‘lib, bir yilga  axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Biroq u bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay 2022 yilda yana firibgarlikka qo‘l urdi. Chunki, birovning do‘ppisini birovga kiydirib olayotgan qarzlari kosmik tezlikda yuqorilab borayotgandi-da. Nimadir qilish kerak! Nima?! U ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini “katta biznes” bilan shug‘ullanishini, yirik bir savdoga “atigi” 19.000.000 so‘m yetmayotgani, kimda kim qo‘llab yuborsa, pulini ikki hissa qilib qaytarishi haqida eʼlon kiritadi. Uning makriga 1983 yilda tug‘ilgan R.Avaz ilinadi. Ular 2022 yilning 19 dekabr kuni telefon orqali tanishib, gapni bir joyga qo‘ygach, 20 dekabr kuni qahvaxonada uchrashishadi. Yana bir bor kelishib olingach – pul aytilgan hissasi bilan 2023 yilning 5 yanvaridan bir kun ham kechikmay qaytarilishi lozim – Avaz Anvarga aytilgan summani beradi. O‘z navbatida Anvar unga tilxat yozib, har ikkisi telefonlariga nusxa ko‘chirib olishib, xayrlashishadi. Anvar  olingan pullarning 10 millioniga ho‘l meva sotib olib, qolgan 9 millionini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. Sotib olingan mevalardan Yaxshigina daromad qiladi, biroq topgan daromadini ham o‘z  manfaati yo‘lida ishlatadi. Anvar Avazni ishontirish maqsadida, 27 dekabr kuni uni qahvaxonaga taklif etib, ishlari yaxshi ketayotgani, xamir uchidan patir, deya unga 200 AQSH dollarini berib, qolganini  aytilgan muddatda berishga ishontiradi. Shu ketganicha ular Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limida uchrashishadi. Tergov ishlari qonuniy yakuniga yetkazilib, firibgar qanday jazoga hukm qilingani esa o‘zingizga maʼlum. 


Barcha yangiliklar

Text to speech