13 Noyabr 2024 Yil 555

Har kimniki o‘ziga aziz

      Ahmadxonning tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotganiga ko‘p bo‘lmadi. Ammo o‘z ishini yaxshigina yo‘lga qo‘ya oldi. Qo‘shni respublikaga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib beradi. Tadbirkorlik ham tavakkalchilikka asoslangan bir soha-da. 2023-yilda yaxshi taklif oldi. Katta foyda ko‘rish niyatida bor pulini – tiyin-tiyinigacha mahsulotga sarflab, bir tiyinsiz qoldi. Mahsulotdan keladigan foydaga hali ancha vaqt bor. Bu orada tirikchilik, ro‘zg‘or degandek. Nima qilarini bilmay rosa boshi qotdi. Eng sodda va beozor tuyulgan reja o‘ylab topdi. 3-noyabr kuni Bektemir tumanidan o‘tuvchi Toshkent halqa yo‘lida joylashgan “Vodiy” avtoturargohiga yo‘l oldi. “Kobalt” avtomashina haydovchisi bir yo‘lovchini mashinasiga o‘tirgizib, yana yo‘lovchi chaqirishga yo‘l olganidan foydalanib, mashinaga o‘tirdi va yo‘lovchini gapga sola boshladi. Zarur qo‘ng‘iroq qilishi zarurligi esiga tushib, telefonini uyda unutib qoldirganini aytib, yo‘lovchi Noʻmonjondan telefonini berib turishini so‘radi. Gaplashib tobora uzoqroq-uzoqroq keta boshladi. Noʻmonjon esa birga ketishiga ishongani uchun bu holatga unchalik eʼtibor bermadi. Lekin haydovchi yo‘lovchilarni yig‘ib ketishga chog‘langanida, telefonini olgan kimsani qidira boshladi. U esa allaqachon juftakni rostlagan, Noʻmonjon manzilidan qolib, tuman ichki ishlar organlariga murojaat qilayotganida 1.500.00 so‘mlik “Pedmi 12C “ telefonini 700.000 so‘mga sotib yuborgan edi.          


       – Ahmadxon ilgari 2009, 2010, 2021-yillarda firibgarlik jinoyati sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan edi, – deydi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Sherzod Shomurodov. – Katta daromad olish ilinjida o‘ylamay-netmay bor mablag‘ini mahsulotga tikkan Ahmadxon yaqinlaridan qarz olishni istamay jinoyatga qo‘l urdi. Nafsini jilovlab, hisob-kitobli ish qilganida ishi barakali va unumli bo‘lardi. Arzon telefon uchun jabrlanuvchi viloyatdan qaytib kelib o‘tirmaydi, ichki ishlarga murojaat qilmaydi, deb o‘ylaganiga nima deysiz?!


         Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sayyor sud majlisida ishni ko‘rib chiqib, 1986-yilda tug‘ilgan Ahmadxonning qilmishiga iqrorligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, jabrlanuvchi uni kechirgan holda, unga yengil jazo berishini so‘raganligi inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llab,  bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech