15 Noyabr 2024 Yil 1382

Mehnat qadrsiz qolmaydi

        O‘zbekiston Milliy universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan Umrbek Abdukarimov ikkilanmay O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga hujjatlarini topshirdi. 2005 yildan Xorazm viloyati IIB Tergov hibsxonasida katta yo‘riqchi, kichik serjant unvonida xizmatni boshladi. Hibsxona boshlig‘i, podpolkovnik Mahmud Narzullayev, maxsus bo‘lim boshlig‘i, kapitan Zokir Ismoilovlar yosh, ziyrak, og‘ir-vazmin va istarasi issiq yigitni o‘z saflariga mamnuniyat bilan qabul qilib, unga sohaning og‘ir-yengil, past-baland, o‘ziga xos jihatlari, ehtiyot choralari haqida batafsil tushuntirish va ogohlantirishlar berib, xizmatga yo‘lladilar. Sohaga oid meʼyoriy hujjatlarni chuqur o‘rganganiga qaramay, Umrbek ustozlaridan maslahat so‘rashdan orlanmadi, bajarayotgan ishini yana bir bor nazoratdan o‘tkazib olishni kanda qilmadi. Mazkur o‘ziga xos xizmat Umrbek uchun tajriba va hayot maktabi bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. Insonlar taqdiri, qanday qilib jinoyat ko‘chasiga kirib qolishi, turmush zarbalaridan esankirash, nafsga qul bo‘lish oqibatlarini ko‘rib, birda fikr, birda shukr qilish kerakligini angladi. Sodir qilgan jinoyati, qing‘irlik ortidan topgan boyligi hech qachon odamga yaxshilik olib kelmasligi, bir kunlik emin-erkinlik, oila bilan o‘tkazilgan bir lahzalik baxtdan, farzandlar  va yaqinlar bilan suhbatlashish, o‘qish, ishlash kabilarga teng kelolmasligini his etdi. Yillab faoliyat yuritib, tajriba va malakasini oshirgan Umrbek 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB navbatchilik qismi katta navbatchisi, so‘ngra poytaxtning Chilonzor tumani IIO FMBda Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori lavozimiga o‘tkazilganida tuman IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Neʼmat Haydarov, katta inspektor mayor Shuhrat Eshboyevni o‘ziga ustoz deb bildi. O‘rganishdan to‘xtamay, bilganlarini qayta takrorlash bilan tajribasini yana-da boyitdi. Ularning hurmatini o‘rniga qo‘yib, hali-hanuz o‘ziga ustoz hisoblab keladi. Ichki ishlar organlarining turli sohalarida sidqidildan zimmasiga yuklangan vazifalarni ado etib kelgan lavhamiz qahramoni o‘z vazifalariga vijdonan yondashgani, ijrochilik qobiliyatini to‘la-to‘kis namoyon etganligi bois rahbariyatning ko‘plab tashakkurnomalari, faxriy yorliqlari bilan rag‘batlantirib kelinyapti.


U.Abdukarimovning jinoyatchilikka qarshi kurashdagi tajribasi ayni paytda u faoliyat yuritayotgan poytaxt IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasida o‘z samarasini beryapti. Mazkur boshqarmaning guruh bosh mutaxassisi bo‘lgan podpolkovnik U.Abdukarimov shu yilning 25 oktyabr Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan  O‘zbekiston Respublikasi IIVning “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Rahbariyat tomonidan U.Abdukarimovning xizmatlariga berilgan bu baho uni yana-da g‘ayrat va shijoat bilan jinoyatchilikka qarshi kurashga rag‘batlantirishi shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech