TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Jinoyat sabablari va oqibatlari muhokama qilindi

Joriy yilning 11 may kuni poytaxtning Uchtepa tumani IIO FMB ga ikki nafar shaxsning o‘tkir tig‘li jismdan olingan tan jarohatlari bilan tuman kasalxonasiga yotqizilgani haqida xabar kelib tushdi. Holat bo‘yicha tezkor-surishtiruv ishlari olib borilishi natijasida shu kuni soat taxminan 03.00 larda 1996 yilda tug‘ilgan I.D hamda 2004 yilda tug‘ilgan T.B.lar Uchtepa tumanida joylashgan qahvaxonalardan birida notanish yigitlar bilan o‘zaro gap talashib qolishganligi aniqlandi. Nizolashuv oqibatida gumonlanuvchilar: 2004 yilda tug‘ilgan Z.N, 2005 yilda tug‘ilgan K.M., 2003 yilda tug‘ilgan M.B. hamda 2002 yilda tug‘ilgan M.K.lar tomonidan jabrlanuvchilarga tan jarohati yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Uchtepa tumani IIO FMB binosida boshqarma rahbariyati, tergov, profilaktika inspektorlari, sohaviy xizmat xodimlari, tumandagi tungi klublar, ko‘ngilochar maskanlarning mas’ullari, muqaddam sudlangan shaxslar ishtirokida mazkur jinoyatning muhokamasi hamda sayyor sud bo‘lib o‘tdi. Muhokama jarayonida qayd etilishicha, ushbu tungi klubda 12 may kuni ham mayda bezorilik holatlari sodir etilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sudda mayda bezorilik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo tayinlandi. Muhokamada har ikki holat bo‘yicha yig‘ilganlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Yig‘ilishda ishtirok etgan “Qo‘riqlash” bo‘limining mutaxassislari ko‘ngilochar maskanlarni qo‘riqlov pultiga ulash, uning afzalliklari, qo‘riqlov xizmatining qulayliklari haqida ma’lumot berib, xizmatda foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bino va inshootlar, mol-mulklarning ishonchli va kafolatli qo‘riqlovini ta’minlashi ta’kidlandi

15 May 2025 Yil

34

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari xalqimizni 15 may – Xalqaro oila kuni bilan tabrikladi. “Oila – jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi va avlodlar o‘rtasidagi uzviylik ramzidir. Xalqimiz azal-azaldan oilaga muqaddas qadriyat, barqarorlikning mustahkam asosi sifatida qarab keladi. Darhaqiqat, o‘zaro hurmat, shukronalik bor oilalarda fayz bo‘ladi. Bunday oilalar qancha ko‘p bo‘lsa, mahalla ham tinch va obod bo‘ladi. Mahallasi tinch tumanlar va shaharlarda, umuman, butun mamlakatda rivojlanish bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi har bir oilaga tinchlik, totuvlik va faravonlik tilayman. Mehr-oqibat, sadoqat hech bir xonadonni tark etmasin!” – dedi Prezident. “Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur”, - dedi davlatimiz rahbari. Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani ta’kidlandi. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi. Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi. Prezident sohada mavjud muammolarga to‘xtaldi. Ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanmoqda, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti. Lekin tizimdagi muallimlarning yangi metodikalarni o‘zlashtirishi, ta’lim sifatini ta’minlashi qay darajada ekani savol ostida. O‘tgan yili 1,5 mingta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning ta’lim dasturi joriy qilindi. Shundan 300 tasida zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari yo‘qligi qayd etildi. Ikki yil oldin tarmoqlar talabi asosida 289 ta maktabning 10-sinf o‘quvchilariga 60 turdagi kasblarni o‘rgatish boshlandi. Shundan 114 ta maktabga tadbirkorlar biriktirilib, 4 ming o‘quvchi 2 milliondan 5 million so‘mgacha oylik olayapti. Dehqonobod, G‘uzor, Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi, Guliston, Sardoba, Xovos, Boysun, Denov, Sho‘rchi, Muzrabot, Buvayda, Dang‘ara, Hazorasp, Xonqa tumanlari hokimlariga bittadan maktabni ushbu tizimga moslashtirish topshirig‘i berilgan edi. Lekin, ular kasbga o‘qitish uchun na zarur jihoz, na xom ashyo olib bergani tanqid qilindi. Masalan, ikki yil oldin toifa berish tizimi shaffof, raqamlashgan platformaga o‘tgani haqiqiy ahvolni ko‘rsatdi. Jumladan, o‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari imtihondan o‘ta olmagani qayd etildi. Ishga olishda diplomga qarab emas, bilim va malakani baholash tizimiga o‘tildi. Bu yangi tizim orqali imtihon qilingan 13 ming nomzoddan 6 mingi bilimi qoniqarsiz bo‘lgani uchun ishga kira olmadi. Yoki 61 ta xususiy oliygohda pedagog-kadrlar o‘qitilayotgani bilan birortasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallim tayyorlanmaydi. Hozirda 7-11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani maktab direktori va muallimni ham, ota-onalarni ham o‘ylantirishi zarurligi qayd etildi. Yoki viloyatlarda, ayniqsa, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida, har oyda 10-15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolayapti. O‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p. Ichki ishlar boshliqlari, viloyat, tuman prokurorlari qonun ustuvorligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirildi. “Biz maktabgacha va maktab ta’limi tizimida katta o‘zgarish qila oldik. Lekin, hali yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar bor”, - dedi davlatimiz rahbari. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga butun tizimi bilan “favqulodda to‘qson kunlik” tartibida ishlashga o‘tish topshirildi. “Ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak”, - dedi Prezident yig‘ilishda. Bu borada Avloniy malaka oshirish instituti transformatsiya qilinib, uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etilishi belgilandi. Nizomiy oliygohi – Milliy pedagogika universiteti sifatida tayanch oliygoh, uning rektori esa bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Hududlardagi 12 ta pedagogika oliygohi ham MMTV tizimiga o‘tkazildi. Pedagog, talaba va o‘quvchilar bilim va ko‘nikmasini baholashning yagona tizimi yaratilib, mustaqil bo‘lgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi. Endilikda mutasaddilar yaratilgan imkoniyatlar asosida kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy qilishi belgilandi. Bundan buyon barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgarishi belgilandi. Prezidentimiz buni Termiz pedagogika instituti misolida tushuntirib berdi. Bu oliygohga Yangi O‘zbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etiladi. “Top” xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi. Aniq fanlar maktabida Myunxen texnika universiteti ta’lim dasturlari joriy etiladi. Qolganlari esa Kembrij universiteti talablari asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Oliygohdagi fanlar soni ham maqbullashib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi. Termiz shahri va tumanidagi 47 ta maktab oliygohning amaliyot bazasiga aylantiriladi. 3 ta ixtisoslashgan hamda yangi baholash tizimiga o‘tgan 12 ta maktab esa metodik baza bo‘lib, oliygoh ularni zamonaviy laboratoriya bilan ta’minlaydi. Oliygohning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda institutning barcha professor-o‘qituvchilari xorijiy til sertifikatini olib, chet elda o‘qib keladi. Bu tizim barcha pedagogika oliygohlarida joriy etiladi. Avloniy malaka oshirish institutining 13 ta hududiy markazidagi yondashuvlarni ham, dasturlarni ham tubdan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, Jizzax malaka oshirish markazidagi 60 nafar professor-o‘qituvchining barchasi AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyani yetakchi oliygohlari dasturlari asosida qayta tayyorlanadi. Shu bilan birga, maktabdagi 17 ta fanni har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi. Har bir tayanch maktabning 1 nafar o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Ya’ni, ularning bilim va amaliy ko‘nikmasi markaz o‘qituvchisidan kam bo‘lmaydi. Ushbu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududdagi 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi, yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi qolgan muallimlarni malakasini oshirib boradi. Tuman hokimlari tayanch maktablarda 1 ta kasbiy mahorat xonasini tashkil qilish va uni to‘liq jihozlashga mas’ul bo‘ladi. Barcha viloyat hokimlari Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti andozasi asosida hududlardagi malaka oshirish markazlarini ta’mirlash ishlarini yil oxirigacha yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi. Bir yil ichida 215 nafar o‘qituvchi Angliya, Fransiya, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreyadagi eng nufuzli universitetlarda malaka oshirdi. Muhimi, xususiy maktablar ham bu tizimga qo‘shilib, o‘qituvchilarini xorijga jo‘natmoqda. Prezident kelgusida malaka oshirishga borayotganlarning 25-30 foizi xususiy maktablardan bo‘lishi haqidagi taklifni ma’qulladi va mutasaddilarga buni yangi o‘quv yilidan boshlab tashkil qilishga topshiriq berdi. Joriy yilning o‘zida pedagogika oliygohlari va malaka oshirish markazlaridan kamida 5 nafardan, har bir tumandan shunchadan muallimni xorijga yuborish vazifasi qo‘yildi. Xususiy oliygohlar faoliyatiga keng yo‘l ochib berildi. Lekin ularda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiyotgan talabalarning 70 foizi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiya bo‘yicha tayyorlanmoqda. “Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglarni ko‘paytirmasak, IT, “yashil” energetika, “sun’iy intellekt”, “yangi materiallar” kabi dolzarb sohalarga minglab kadrlarni qayerdan yetkazamiz? Bundan buyon xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘ladi”, - dedi Prezident. Ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Shu orqali nodavlat oliygohlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinadi. Chetda o‘qiyotgan yoshlarimizning atigi 1 foizi “Top-100”dagi oliygohlarga kirgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, “Top-10” bilan “Top-200”dagi ta’lim narxi bir biridan atigi 15-20 foizga farq qiladi. “Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yo‘naltirib, oliygoh tanlashga ko‘maklashib, maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ysak bo‘ldi, ko‘rsatkichlarimiz karrasiga oshadi”, - dedi Prezident. Davlatimiz rahbari “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturini boshlash va “Garvardchilar maktabi”ni ochish bo‘yicha katta farmon imzolaganini aytdi. Bu muassasa Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, xalqaro maktabda “Top-10” oliygohlariga maqsadli tayyorlanadi. Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktiriladi. Milliy dastur asosida maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini tanlab olib, AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi oliygohlariga tayyorlaydi. Joriy yilda yangi maktablar qurish uchun Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb qilindi. Buning evaziga 58 ta maktab qurilib, 72 mingta o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda viloyatlar hokimlariga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya kabi davlatlardan investorlar olib kelib, mahalliy tadbirkorlarga sharoit yaratib, maktab qurilishiga 10 million dollardan mablag‘ni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Maktablar quvvatini oshirishning maqbul yo‘llaridan biri xususiy sheriklik ekani ta’kidlandi. Shu bois maktablar va bog‘chalar uchun xususiy sheriklik loyihalarining e’londa turish muddati 45 kundan 30 kunga qisqartiriladi. Mutasaddilarga joriy yilda maktab ta’limida kamida 100 ta shunday loyihani boshlash topshirildi. So‘nggi yetti yilda bog‘chalar bilan qamrov 700 mingdan 2,3 millionga yetkazildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda. “Qamrov oshdi, lekin sifat bo‘yicha qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bog‘chalar nafaqat tarbiya, balki bolada ta’lim olish uchun ilk ko‘nikmalarni shakllantiradigan maskanga aylanishi kerak”, - dedi Prezident. Olti yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga deyarli to‘liq qamrab olindi. Keyingi yil bu raqam 100 foizga chiqishi kutilmoqda. Endilikda joriy yildan ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bunda Singapurning nufuzli tashkiloti bilan bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi. Davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Yig‘ilishda yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda tumanlarda “Barkamol avlod” maktablari, 14 ta hududda “Yoshlik” sport jamiyati va Respublika o‘quvchi yoshlar markazi bor. Lekin 219 ta “Barkamol avlod” maktabi 350 ming bolani qamrab olgan, xolos. Endilikda “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashishi belgilandi. Bu markazlar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy, kreativ yo‘nalishlar asosida jihozlanadi. Ularda xorijiy tillarni o‘qitish, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi to‘garaklar ochiladi. O‘quvchilar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi “Barkamol avlod” markazlarida kamida 100 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazasi” tashkil qilinadi. Mutasaddilarga qiziqarli turizm to‘plamlarini qilib, har yili 1 million o‘quvchini O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga jalb qilish topshirildi. Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda, bu borada alohida qonun ham qabul qilingan. “To‘g‘ri, bugungi kunda yoshlar ma’naviyati bilan hamma shug‘ullanayapti. Lekin, zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish, ularni targ‘iboti, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha professional tashkilot yo‘q”, - dedi Prezident. Shu munosabat bilan Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. Markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan ko‘maklashadi. Shu bilan birga, bu masalalar faqatgina bitta markazning ishi bo‘lib qolmasligi, mas’ul barcha vazirliklar markaz bilan ishlarni boshlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi. Yig‘ilishda sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod o‘quvchi va 1 milliondan ortiq talaba ta’tilga chiqishi ta’kidlandi. Yoz oylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. Barcha hokimlar va ta’lim sohasi rahbarlariga yozgi ta’til vaqtida barcha ta’lim muassasalarining sport maydonchasi va o‘quv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb to‘garaklarini ochish topshirildi. Masalan, o‘zlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, o‘quvchilar uchun haftasiga olti soatlik o‘quv kurslari tashkil qilinadi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm obyektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari o‘tkazish, madaniyat va istirohat bog‘larida san’at ko‘rgazmalari, she’riyat kechalari va intellektual o‘yinlar tashkil etish topshirildi. Poytaxtdagi Yangi O‘zbekiston bog‘i va parklarda har kuni ochiq osmon ostida konsertlar uyushtiriladi. Bu ishlarni sport sohasida ham tashkil qilib, 6 million yoshlarni qamrab olishga ko‘rsatma berildi. Yozgi oromgohlarda yoshlar “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari bilan qamrab olinadi. 100 ming o‘quvchi uchun maktablarda “kunduzgi oromgoh” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. “Zakovat” intellektual o‘yinining maktab ligasi tashkil etiladi. “Raqamli avlod” loyihasi doirasida kamida 50 ming yosh o‘qitilib, hududlarda IT va kibersport turnirlari o‘tkaziladi. Bunda “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bo‘yicha tuman va viloyat tanlovlari o‘tkaziladi. “Mening mahallam – mening faxrim” loyihasi doirasida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 100 ming yosh volontyorlikka jalb qilinadi. 150 dan ortiq sun’iy, shuningdek, barcha tabiiy suv havzalaridan samarali foydalanish, bunda yoshlarning xavfsizligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. “Yoshlar turizmi oyligi” o‘tkazilib, 1 million yoshlar uchun muzey va tarixiy obidalarga ekskursiyalar tashkil qilinadi. Umuman, aytilgan topshiriq va tadbirlar ijrosini nazorat qilish uchun shtab tuzilishi, bu masala shaxsan Prezident nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi. Tuman hokimlariga har oyda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, maktab direktorlari va bog‘cha mudiralari bilan uchrashib, muammolarni joyida hal qilish vazifasi yuklandi. Mutasaddilar bundan buyon tuman bo‘limi rahbarlarini ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan birorta yig‘ilishga jalb qilib bo‘lmasligi haqida qat’iy ogohlantirildi. Yig‘ilish davomida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilarining fikr va takliflari, hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

15 May 2025 Yil

71

Tibbiyot bo‘limi faoliyati rahbariyat diqqatida

Inson sog‘-salomat bo‘lsagina ishning unumi, ijobiy natijasi bo‘ladi. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida ruhiy hamda jismoniy sog‘lom bo‘lishi zaruriy shartlardan biridir. Ularning xizmatga kirishishga shayligi, bemor bo‘lganlarning esa yana safga qaytishlari tibbiyot xodimlarining tajribasi, malakasi, muomalasiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Buning uchun esa tibbiyot bo‘limlarimizni zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlash, shifokorlarimizga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish lozim. Bu jarayonlarni o‘rganish maqsadida, kecha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Bosh boshqarma tibbiyot bo‘limiga tashrif buyurib, bo‘lim faoliyati va tibbiyot xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 2020 yilda qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilgan “A” sektorida joylashgan bo‘lim poliklinikasi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Harbiy-tibbiy komissiyasi faoliyati bilan tanisharkan, shifokor va hamshiralar bilan suhbatlashdi. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda bo‘limda idoraviy tibbiyot xizmatini takomillashtirish, xodimlar va ularning oila a’zolari salomatligini muhofaza qilish, xususan, shaxsiy tarkibning ruhiy salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Shuningdek, Respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va standartlarni amalda tadbiq etish orqali xodimlar va ularning oila a’zolari, nafaqaxo‘rlarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, tizimda boshqarish va mehnatni tashkil etishning ilg‘or shakl hamda uslublarini joriy etish borasida ijobiy natijalarga erishishimiz kerakligi ta’kidlandi. Bemorlarga ambulator va kunduzgi statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatish, davolash muolajalarini samarali o‘tkazishni tashkillashtirish borasida tibbiy moddiy-texnika bazasini yaxshilashga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga muassasada elektron tibbiy kartalar joriy etish, dori vositalari aylanmasini nazorati, kasalliklar dinamikasini real vaqt rejimida kuzatish va tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish maqsadida joriy etilgan “Ye-med” kompleks axborot-tahliliy tizimi bilan ham tanishdi. Shuningdek, tibbiyot bo‘limi faoliyatida mavjud muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham to‘xtalib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berib o‘tdi. Jumladan, barcha shifokorlarning xizmat xonalari eshiklariga bir xil lavhlar o‘rnatilishi, ish jadvali vaqtlari ko‘rsatilishi, sohaga oid sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi stendlar sonini ko‘paytirish, ta’mirtalab xonalarni ta’mirlash sifatini yaxshilash, har bir qavatga mas’ul ofitserlar biriktirish, yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha xodimlarga amaliy ko‘nikmalar berishga urg‘u berildi. O‘rganishlar davomida bo‘limning “B” binosida boshlangan qurilish ishlarining yakunlanmaganligiga e’tibor berib, tez fursatlarda qurilishni tugatish yuzasidan mas’ullarning vazifalari belgilanib, kerakli topshiriqlar berib o‘tdi.

15 May 2025 Yil

101

Tumanlar kesimida o‘tkazilayotgan tadbirlar

Prezidentimizning joriy yil yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorining ijrosini taʼminlash borasida poytaxt IIBB tomonidan qator tadbirlar belgilangan. “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish”, “Maʼnaviyat oyligi”, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi kabi ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Toshkent Kimyo xalqaro unversitetida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar IIBB JTSB boshlig‘i, podpolkovnik B.Anvarov va universitet rektori K.Axmedjanov ishtirok etdi. Universitet talabalari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot talaba yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni yot, buzg‘unchi g‘oyalar, giyohvandlik moddalari taʼsiridan saqlash masalalariga qaratildi. Muloqot chog‘ida maʼruzachilar giyohvandlikning inson ongi va ruhiyatiga taʼsiri, ayanchli oqibatlari, ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlar va kiberfiribgarliklardan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Shu bilan birga talabalarni o‘ylantirayotgan masalalar, ularning muammolari bilan qiziqib, birgalikda hal qilish choralarini belgiladi. Shuningdek, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida Yangihayot tumani IIO FMB hamda “Qo‘riqlash” xizmati xodimlari bilan birgalikda tumandagi mavjud hovlilar, ko‘p qavatli uylar xonadonlari, noturar obyektlarni qo‘riqlash pultiga ulash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi o‘rganildi. Tumandaga xonadonlarning 732 tasi, mingdan ortiq noturar obyektlarning 509 tasi tuman qo‘riqlash markaziga ulangani past ko‘rsatkich ekanligi qayd etildi. Xodimlar va mutasaddilar oldiga bu yo‘nalishdagi ishlar surʼatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, ko‘cha va jamoat joylarida fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga doir chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Xuddi shunday tadbir poytaxtning Chilonzor tumanida ham o‘tkazildi. Aholi yashash xonadonlari, noturar obyektlarni qo‘riqlovga olish ishlari tuman IIO FMB hamda “Qo‘riqlash" bo‘limi tomonidan o‘rganilib, bu ishlarni jadallashtirish, aholi orasida ishonchli va kafolatli qo‘riqlov xizmati, uning afzalliklari, qulayligi va hamyonbopligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish vazifalari belgilandi. Bu boradagi ishlar poytaxtning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda.

14 May 2025 Yil

164

Interaktiv xizmatlar

Text to speech