13 Noyabr 2024 Yil 458

“Amaldor” firibgar

Bir oy u yerda, bir oy bu yerda nomiga jussasini ko‘rsatib, muqim bir ishxonada qo‘nim topmagan Shoumid 19 yoshida, 2011-yili ilk bor firibgarlik sodir etib, sudning qora kursisiga o‘tirdi. Omadi chopib amnistiyaga ilindi. Biroq bu berilgan imkoniyatdan tegishli xulosa chiqarmadi. 2015-yilda yana eski hunarini ishga solib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. 2016, 2019-yillarda ham birovlarni aldab, pullarini o‘zlashtirishi orqali sudlanib, ozodlikdan mahrum etildi. Ozodlikka chiqib ham halol mehnat qilishga, hayotini izga solishga shoshilmadi.

Tavbasiga tayanmagan Shoumid bo‘yni ishga yor bermay, tekin pul topish yo‘llarini izlarkan, tavakkal qilib yo‘lga chiqdi. Bir mashinani to‘xtatib falon joyga yetkazib qo‘yishni so‘radi. Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketdi. O‘zini  katta bir qurilish kompaniyasining rahbar o‘rinbosari sifatida  tanishtirdi. Haydovchining "KamAZ" avtomashinasi borligini bilgach, unga  kompaniyasida ul-bul yuk ishlari chiqib qolishini aytib, unga 7-8 million so‘mlik maosh vaʼda qildi. Faqat bir muammo  – maosh plastik kartaga o‘tkazib beriladi, qoidasi shunaqa. Haydovchi soddagina ekan:

– Aka, men bunday narsalarga tushunmayman, vaqtim ham yo‘q, – dedi u o‘ylab ham o‘tirmay.

– Buning qiyin joyi bormikan?!  Menga pasportingizni bersangiz o‘zim to‘g‘irlab, kompaniyaga joylashtirib qo‘yaman, – dedi Shoumid. Haydovchi yonidagi pasportini berdi. Shoumid uni telefoniga suratga olgan bo‘ldi va shu zahotiyoq qaytardi.

 – Faqat ozgina chiqimi bor, – dedi haydovchining soddaligidan foydalanib. Shu bahonada uning 600.000 so‘m pulini oldi. Oradan  bir hafta o‘tmay, plastik karta tayyorligini, hademay unga yumush chiqishi, tayyor turishligini tayinlarkan yonilg‘i masalasini so‘radi. Kompaniya hisobidan arzonga dizel yonilg‘isi to‘g‘irlab berishini aytganida Yoqubjon 200 litr yonilg‘i uchun 1.500.000 so‘mni olib uchrashuvga oshiqdi.

– Shoumid 2023-yilning 23-mart kuni Yoqubjon bilan tanishgan bo‘lsa, 27-martga qadar uni 2.100.000 so‘mga chuv tushirib, so‘ng qochib yurgan, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shahzodbek Yusupov. – Yoqubjon esa firibgarga yo‘liqqanini anglamay, falon qurilish kompaniyasini qidirib, so‘rab-surishtirib topolmagach, ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Jinoyat ishlar bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1992-yilda tug‘ilgan, retsidivist maqomini olgan Shoumidning qilmishini qonunan ko‘rib chiqdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, aybiga iqrorligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, jabrdiydaning daʼvosi yo‘qligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech