16 Noyabr 2024 Yil 701

Tog‘aning minnati, jiyanga qimmatga tushdi

Anchadan beri ish qidirayotgan Abdunabi tog‘asining oldiga bordi. Tog‘asi avtomobillar yuvish shoxobchasining xo‘jayini bo‘la turib, jiyanining bekorchi yurganiga qaramay, biron marta ishga taklif qilmagandi. O‘ziga qolsa-ku ikki dunyoda ham xasisdan xasis, ziqnadan ziqna tog‘asining uyiga qadam bosmagan bo‘lardi. Ammo onasi qistayverib, holi-joniga qo‘ymadi. Tog‘asi Abdunabiga ikki soat nasihat qilib, obdon miyasini qoqib qo‘liga bergach, rozi bo‘ldi. Abdunabi uning oldidan chiqib ketarkan, "xayriyat, biron kresloga o‘tirg‘izishini so‘ramapman, bor-yo‘g‘i mashina yuvishga shunchalik nasihat...Hali topgan bir so‘mimniyam minnat qilib jonimni olar”, deya og‘rindi. Boshqa ish topguncha tishini-tishiga qo‘yib ishlab turishga qaror qildi. Tog‘asining tirnoq ichidan kir qidirishini bilgan Abdunabi ishini vijdonan, halol bajara boshladi. 2023 yilning 12 iyuni kuni ishga oyog‘i tortmadi. Biroq tog‘asining malomatidan, ortiqcha aql o‘rgatishidan bezigan Abdunabi istar-istamas yo‘lga otlandi. Bitta avtomashinani yuvib bo‘lar-bo‘lmas, tog‘asi keldi va taʼmirlanayotgan xonani aylanib chiqib, chiqindilardan tozalab qo‘yishni buyurib ketdi. Abdunabi bo‘sh turgan sheriklari Jahongir va Fozilga tozalab turishni aytganida Jahongir: men bu yerga axlat tozalagani kelmaganman, buning uchun menga pul bermaydi, dedi. Fozil ham o‘z o‘rnida: nima menga pul beradimi, dedi. Ikkisi gap talashib bir oz vaqt o‘tmay mushtlashib ketishdi. Bir-birining yoqasidan olib do‘pposlashayotgan sheriklarini ajratmoqchi bo‘lgan Abdunabining ikkisiga kuchi yetmadi. U qanday qilib oshxona pichog‘ini olib Fozilni bosib musht tushirayotgan Jahongirning orqa biqiniga ikki marta pichoq sanchiganini bilmaydi. Uning dodlab biqinini ushlaganini ko‘rgach, hushiga  keldi va yo‘lovchi mashina to‘xtatib jabrdiydani kasalxonaga eltdi.

— Abdunabining Jahongirga yetkazgan tan jarohati  hayot uchun xavfli, og‘ir turdagi tan jarohati turkumiga  kiradi, – deydi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Muhammadrizo Eshpo‘latov. – Aslida pichoqni ko‘rsatib, qo‘rqitishga uringanligini aytgan Abdunabi uni qanday qilib sanchib olganini tushuntirib berolmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida D.Abdunabining qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi,  pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi eʼtiborga olinib, mazkur kodeksning 57-moddasi qo‘llanilib, 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Barcha yangiliklar

Text to speech