27 Mart 2023 Yil 1165

Yoshlar – kelajagimiz bunyodkorlari

Davlatimiz tomonidan har bir sohaga katta eʼtibor qaratilmoqda, ayniqsa, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi bejiz emas. Zero, yoshlar kelajagimiz poydevori, ertangi kunimiz bunyodkorlari. Ularni qo‘llab-quvvatlash, hayotda o‘z o‘rnini topishida, to‘g‘ri yo‘lni tanlashida yordam berish uchun barcha sektor rahbarlari ham birdek masʼul.

Toshkent shahar IIBB tomonidan har bir yoshning muammosini o‘rganish va manzilli yordam berish maqsadida joylarda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

O‘zEkspomarkazdagi so‘lim bog‘da poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov Yunusobod tumani yoshlari bilan yuzma-yuz ko‘rishdi. Uchrashuv davomida A.Tashpulatov davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, 30 aprel kuni bo‘ladigan referendumda har bir fuqaro o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi uchun ishtirok etishi va o‘z kelajagi uchun ovoz berishi kerakligini taʼkidladi.

Tadbir davomida “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi talabalarning kontrakt to‘lovchi uchun sertifikat berildi, faol yoshlar yetakchilariga esa Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.

Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 20 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston futbol terma jamoasining aʼzolari, Osiyo chempionlari Abbos Fayzullayev va Otabek Boymurodovning tadbirdagi nutqi yoshlarni yana-da ilhomlantirdi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishda shijoatlantirdi.

Uchrashuv sayyor qabulga ulanib ketdi. Tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev, sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etgan qabulda yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar bilan bevosita rahbarlarga murojaat etishdi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning muammosini joyida hal etishga, rahbarlarning aholiga yana-da yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining yoshlar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech