12 May 2023 Yil 1245

Prezident Shavkat MirziyoyevToshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Samarqand darvoza mahallasida barpo etilgan kasbga yo‘naltirish markazida bo‘ldi. Bu yerda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar o‘rgatiladi. Keyinchalik ularning yuqori daromadli ish topishiga ham ko‘maklashiladi. Markaz atrofi obodonlashtirilgan, ishkomlar o‘rnatilib, toklar ekilgan.

Shu yerda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi. 10 may kuni shu masala bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda salohiyatli tadbirkorlarni yangi ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish taklifi bildirilgan edi.

Masalan, Shayxontohur tumanida 51 ta mahalla bor. Salohiyati yuqori tadbirkorlar 100 dan ziyod. Shartnoma asosida ularga mahallalardagi ishsizlar biriktirilmoqda. Unga ko‘ra, davlat sharoit yaratadi, tadbirkorlar aholini kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlaydi.

- Bu ikki tomonlama manfaatli, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozir ko‘p tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqchi, hammaga malakali ishchi kerak. Maqsadimiz - korxonalar amaliy monomarkazga aylanib, sohaga mutaxassis tayyorlasin. Buning uchun davlat infratuzilma, moliya, soliq bo‘yicha yengilliklar beradi. Ish o‘rinlari ko‘paygani, aholining xarid qobiliyati oshgani hisobidan bu pul pirovardida iqtisodiyotga qaytib tushadi. Eng muhimi, bu amaliyot yoshlar uchun faqat ish o‘rganish emas, hayot maktabi bo‘ladi.

Taqdimotda Shayxontohurning turizm salohiyatini ishga solish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlari hokimlari Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini o‘rganishi zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu markazdagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasini ham kirib ko‘rdi. Unda yopiq suv havzasi va sport zali mavjud. 

Manbaa: https://president.uz/oz/lists/view/6303 

Prezident zamonaviy maktabdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi 

Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanidagi nodavlat ta’lim muassasasini borib ko‘rdi.

Ming o‘rinli bu maktab ingliz tili, sharq tillari va aniq fanlarni o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasada o‘quv va kompyuter xonalari, STEM laboratoriyasi, kutubxona, oshxona, sport zali, basseyn mavjud.

Maktabdagi o‘quv va mashg‘ulotlar mamlakatimizda yoshlarni kamida ikkita xorijiy til va bitta hunarga o‘rgatish talabiga mos. Maxsus jihozlangan xonalarda o‘quvchilar tikuvchilik, duradgorlik, kompyuter sirlarini o‘rganmoqda. Yoshlarning qiziqishlariga mos turli to‘garaklar ham tashkil etilgan.

Prezidentimiz ushbu maktab tajribasi asosida kichik hududda ko‘p o‘quvchi o‘rinlarini yaratish, nodavlat maktablarda ta’lim sifatini nazorat qilish muhimligini ta’kidladi.

O‘quvchilar bilan muloqotda bilim eng yaxshi investitsiya ekani, davlat yoshlarning zo‘r mutaxassis bo‘lib, kelajakda yo‘lini topishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi qayd etildi. 

Manbaa: https://president.uz/oz/lists/view/6305 

Prezident mahalla odamlari bilan samimiy suhbatlashdi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi Jangoh mahallasida bo‘ldi.

Mamlakatimizda quyi tizimga qaratilayotgan e’tibor ushbu mahallada ham namoyon. Fuqarolar yig‘ini binosi, ko‘p qavatli uylar zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yo‘llar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar o‘yingohi va avtoturargoh tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi va vakillari bilan suhbatlashdi.

– Mahallada “beshlik” tizimini joriy qilib, keng imkoniyatlar berdik. Bugun ular aholi bilan davlat o‘rtasida ko‘prik. Bu ko‘prik qancha adolatli, shaffof, mustahkam bo‘lsa, xalqimiz shuncha rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jangoh mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. O‘ndan ortiq maishiy xizmat va yuzdan ziyod savdo do‘konlarida mahalla yoshlari ham ishlamoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun ham sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari “Yangi Jangoh” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. U mahalladagi 52 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. 24 nafar mutaxassis va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Mening uyim” mobil ilovasi joriy etilgan.

Mutasaddilar bilan suhbatda kommunal tarmoqlarni yangilab borish, aholi ishonchini qozonib, to‘lovlar barqrorligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mahalla ayvonida odamlar bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

– Biz faoliyatimizning birinchi kunidan hamma ishlarni mahallada amalga oshiryapmiz. Chunki bu insonga eng yaqin tizim. Mahallangizdagi obodlik bir misol. Bunday ishlar faqat Toshkentda emas, Qoraqalpog‘istonu Xorazmda ham, Qashqadaryoda ham, hamma joyda qilinyapti. Xalqimizning o‘zi – adolatli hakam. Bugun yurtimizdagi har bir inson ijobiy o‘zgarishlarni sezyapti. Endi bu ishlarni davom ettirib, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushiramiz. Bu – insonlarning og‘irini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan xalqchil tizim bo‘ladi, – dedi Prezident.

Nuroniy otaxon va onaxonlar mahalladagi, umuman, yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursandligini ta’kidlab, duolar qildi. 

Prezidentimiz shu mahalla yaqinida, Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi xiyobonda barpo etilgan istirohat yo‘lagini ham ko‘zdan kechirdi. Bu maskan aholi va xorijlik turistlar uchun yana bir diqqatga sazovor joyga aylanishi ta’kidlandi. 

Manbaa:  https://president.uz/oz/lists/view/6307 

 

Barcha yangiliklar

Text to speech