21 Dekabr 2021 Yil 262

Toshkentdagi bankda salkam 60 mln so‘mga ayirboshlangan yevro tangalar qalbaki bo‘lib chiqdi

Departament organlari tomonidan qalbaki pul muomalasi bilan bog‘liq jinoiy faoliyatlar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Ma’lum qilinishicha, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahri Mirobod tumani bo‘limi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. Unda bank muassasasiga qarashli “Markaz” nomli valyuta ayirboshlash shoxobchasiga topshirilgan 2 yevro nominalidagi 2470 dona 4940 yevro miqdoridagi tanga qalbaki ekani aniqlangan.

Amaliyot boshqarmasi kassa amaliyoti va naqd pul muomalasi bo‘limi xodimlari tomonidan valyutalar tekshirilmasdan qabul qilingani oqibatida bank manfaatlariga 59,3 million so‘m zarar yetgan.

 
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bergan xabarga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 41 yoshli M.B. 59 million 280 ming so‘mga valyuta operatsiyalarini amalga oshirgani, u qalbaki tangalarni 31 yoshli J.M.dan xarid qilgani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda M. MChJ mol bozorida 2 bosh qo‘yni sotish evaziga o‘ziga notanish bo‘lgan shaxslardan olgan 2,1 million so‘m pullardan 100 ming so‘m kupyuradagi 20 donasi qalbaki ekani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi bo‘yicha (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu jinoyat uchun besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.

 

Barcha yangiliklar

Text to speech