TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Ochiq talonchilik

Suhrobjon yosh bo‘lishiga qaramay, bir necha marta sudning qora kursisiga o‘tirishiga, qilmishiga yarasha avval axloq tuzatish ishlariga, keyinchalik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Biroq bulardan tegishli xulosa chiqarmadi. Ota-onasi ham qonun bilan “chiqishmaydigan”, na kasbu kori, na yaxshi yashashga intilishi bo‘lmagan noqobil o‘g‘lining boshini ikki qilish uchun birovning eshigini qoqishga istihola qildi. O‘g‘il esa tarallabedod hayotidan xursand, xohlasa yollanma kunlik ishga chiqadi, xohlamasa yo‘q. Ota-onaning topganiga sherik. Ular esa so‘nggi paytlari unga nasihat ham qilmay qo‘yishdi. Chunki, Suhrob ularni eshitmas, qo‘rslik qilar, janjal ko‘tarar, o‘zining tussiz, zavqsiz, shum hayotida ayblovni ota-onasiga qo‘yardi. 2023 yilning 13 may kuni u Uchtepa tumanida joylashgan oshxonaga keldi. Spirtli ichimliklar, taom buyurdi. Tungi soat o‘n birlarda xo‘randalar siyraklasha boshladi. U ketishga chog‘landi va yonidagi stol ustida turgan B.Ilhomga tegishli bo‘lgan narxi 5.800.000 so‘mlik “Huawei Nova 11 i” telefonini ochiqdan-ochiq talonchilik bilan olib chiqib keta boshladi. Ilhom hay-haylab o‘g‘rining ortidan yugurib chiqdi, ammo u tun qorong‘usiga singib ketgandi. Telefon egasi zudlik bilan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Tuman ichki ishlar organi xodimlari uchun Suhrobni topish qiyinchilik tug‘dirmadi. Ammo u telefonni notanish kimsaga 600.000 so‘mga sotishga ulgurgan ekan.Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1997 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, bo‘ydoq, xavfli retsidivist bo‘lgan U.Suhrobning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Talonchilik”) bilan aybdor deb topdi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Dias Abdullayevning ish yurituvidan olindi.

10 Aprel 2025 Yil

38

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor bo‘lib o‘tdi

Davlatimiz rahbari dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilayotganini, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablag‘ yo‘qotilganini ko‘rsatib o‘tdi. “Bu tebranishlar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi. Axir, bu mablag‘larni bir qismi bizga investitsiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku!”, - dedi Prezident. Bu sharoitda barcha hokimlar, iqtisodiy kompleks hududlar iqtisodiyotini kunlik tahlil qilishi, ishlab chiqarish hajmlari, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish masalalari bilan tizimli shug‘ullanishi kerakligi qayd etildi. Iqtisodiy kompleks mas’ullariga har hafta tarmoqma-tarmoq muammolarni tahlil qilish va yangi takliflar kiritish, tuman va viloyat hokimlariga o‘z hududida tadbirkorlar masalalariga yechim topib borish topshirildi. So‘nggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Muhimi – o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan o‘tdi. Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar 6,5 milliard dollar sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona o‘rni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga ko‘payadi. Parkentning “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti. Fransiyaning “Kurshavel” tog‘-changi kurorti tog‘li hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda. “Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2-3 karra oshirishga yetadi”, - dedi Prezident. Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha 2040-yilgacha strategiya ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi. Yig‘ilishda ko‘pchilik hokimlar turizm qanday katta yo‘nalish ekanini tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mavsum boshlanganiga bir oydan oshgani bilan kapsulali uylardan iborat maskan faqat Kitobda ochilgani qayd etilib, qolgan 35 ta tuman va shahar hokimi “mudrab” o‘tirgani tanqid qilindi. Kapsulali uylarni qurish va jihozlashga Turizm jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondarodan o‘tgan magistral va ichki yo‘llar ahvolidan noroziligi qayd etildi. Mutasaddilarga “turizm halqasi”ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha hisob-kitob qilib, ishlarni boshlash topshirildi. Turizm qishloqlarini tashkil qilish bo‘yicha 3 yil oldin boshlangan ish yaxshi samara berayotgani e’tirof etildi. Lekin, Toshkent viloyatida Koreya tajribasi asosida turizm qishlog‘i qilish tashabbusi qog‘ozda qolib ketgani, Qashqadaryo va Jizzaxda atigi 1 tadan turizm qishlog‘i ochilgani ko‘rsatib o‘tildi. Navoiy va Sirdaroda hunarmandchilik, Jizzax va Farg‘onada gastronomik turizm markazlari mavjud emas. Shuningdek, Jizzax va Surxondaroda turizm eksporti 65 million dollarga, Sirdaroda esa 30 million dollarga bormaydi. Birorta chegara punktida yurtimiz turizm salohiyatini ko‘rsatadigan “turizm burchagi” tashkil etilmagani tanqid qilindi. "Aholimiz o‘rtasida tog‘li hududlarga piyoda chiqish (treking) ommalashmoqda. Lekin, turfirmalar bunday sayyohlik marshrutiga ruxsat olishga 2-3 oy sarflayapti", - dedi Prezident. Mutasaddilarga ruxsatnomani Yagona interaktiv portal orqali 10 kunda berishni joriy qilish topshirildi. Prezidentimiz zamonaviy turizm marshrutlarini tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Turizm qo‘mitasi hokimliklar bilan birgalikda 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha katta dastur tasdiqlaydi. Masalan, Sariosiyo tumani hududining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. Bu yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida 200 million dollarlik loyihalar qilsa bo‘ladi. Yana bir misol, Chortoq o‘zining shifobaxsh suvlari bilan mashhur bo‘lsa-da, tuman hokimi yangi loyiha qilish uyoqda tursin, bor sanatoriyalarga ham xorijiy sayyoh olib kela olmayapti. Yoki, Mo‘ynoqda har yili o‘tadigan “Stixiya” musiqa festivaliga kelgan sayyohlarni ko‘proq olib qolish uchun yangi tashabbuslar kerak. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 36 ta tuman va shahar bo‘yicha master rejalar ishlab chiqishni tezlatib, loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish topshirildi. Xorijiy turistlar sonini oshirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli platformalarda, yana 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda turizm keng targ‘ibot qilinayotgani ta’kidlandi. Bu borada elchilarimiz ishtirokida boshqa davlatlarda ham targ‘ibot ishlarini faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Xitoyning eng olis provinsiyalari, Gonkongdan ham sayyohlar kelishni boshladi. Yoki, Polshaga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani uchun ushbu mamlakatdan sayyohlar 7 karra oshdi, butun Sharqiy Yevropadan turist olib kelish imkoni paydo bo‘ldi. Fransiyaga tashrifda 14 ta yangi zamonaviy “Airbus” samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olishga kelishildi, “Boeing” kompaniyasi bilan 12 ta samolyot olib kelish bo‘yicha muzokara boshlandi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu imkoniyatdan unumli foydalanib, qayerga nechta reys qo‘yish va qancha sayyoh olib kelishni hozirdan hisob-kitob qilish topshirildi. O‘tgan yili Mo‘g‘uliston bilan turizm bo‘yicha katta kelishuvga erishilgani hisobiga sayyohlar 100-200 nafardan 4 mingga oshdi. Ko‘rfaz davlatlarida doimiy sayohat qiladigan 3 million aholi bor. Lekin ularning ko‘pi Ozarbayjon, Gruziya, Albaniya, Xorvatiya kabi vizasiz rejim bo‘lgan mamlakatlarga borayapti. "To‘g‘ri, bu davlatlarga 10 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Lekin, bu muddat 30 kunga uzaytirilsa, sayyohlar 5-6 karra ko‘payadi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va Eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish mumkin", - dedi davlatimiz rahbari. Rossiya va Xitoyning hududlari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgani uchun investitsiya va sayyohlar oqimi keskin oshdi. Endi bu tajribani kengaytirib, Yaponiya, Koreya va Yevropa davlatlari bilan ham tashkil qilish topshirildi. Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish, unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” dasturi orqali 100 ming ziyoratchini jalb qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mutasaddilarga Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand, Buxoro orqali Jidda shahriga reys qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish topshirildi. So‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor tufayli mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi (2017 yilda 5 millionta edi). Lekin haligacha Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzga bormagan oilalar ko‘p. Shu bois, har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasini sovg‘a qilish yo‘lga qo‘yiladi. Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 milliard so‘m ajratiladi. Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi. To‘rt yilda madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilishga budjetdan 385 milliard so‘m berildi. Shunga qaramasdan, hozirda yana 485 ta obyekt ta’mirtalab ahvolda. "Faqat budjetga qarab qolmasdan, bu ishlarga xususiy sektorni keng jalb qilsa bo‘ladi-ku!", - dedi Prezident. Ijaraga berish mumkin bo‘lgan 2 mingta madaniy meros obyektidan atigi 325 tasi tadbirkorlarga berilgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga shu yilning o‘zida 400 ta obyektni tadbirkorlarga ijaraga berish topshirildi. Turizm obyektlariga kuniga minglab odam kirgani bilan, tushumlar raqamlashmagani uchun tizim shaffof emasligi qayd etildi. Vaholanki, ochiq tizim qilib, tushumni o‘zidan ta’mirlash ishlarini bajarish mumkin. Shu munosabat bilan barcha obyektlarda kirib-chiqishni avtomatik hisobga oladigan moslama o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi. Respublikaning barcha tarixiy obidalariga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinishi belgilandi. Bu yil madaniy meros obyektlari restavratsiyasiga kamida 4 million dollar grant jalb qilinadi. Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridori YUNESKONING Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganiga bir yildan oshdi. Bu yerda 31 ta madaniy meros obyekti bor: O‘zbekistonda 15 ta, Tojikistonda 9 ta, Turkmanistonda 7 ta. Lekin soha mutasaddilarida ham, hokimlarda ham 3 ta davlatdan o‘tgan bu tarixiy yo‘nalish salohiyatidan foydalanish bo‘yicha birorta taklif yo‘q. Mas’ullarga bu yo‘nalishda yangi turizm marshrutini ishlab chiqib, keng targ‘ib qilish topshirildi. "Turizmda oliy ta’limni 4 yildan 3 yilga kamaytirib, dual tizimga o‘tkazdik. Nima uchun? Yoshlar ko‘proq amaliy bilim olib, tajriba orttirishi kerak", - dedi Prezident. Masalan, Toshkentdagi Singapur menejment instituti oliygoh hududida 10 qavatli mehmonxona turizm klasteri tashkil qilmoqda. Yiliga 200 nafar talaba, 300 nafar o‘qituvchi mehmonxona boshqaruvi, marketing kabi yo‘nalishda amaliyot o‘tash va malaka oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Dual ta’lim bo‘yicha hududlarda ham yaxshi tajribalarni ko‘paytirish, joriy yilda 500 nafar talabani turizm bo‘yicha amaliyot o‘tash va ishlashga yuborish muhimligi ta’kidlandi. Umuman, yig‘ilishda aytilgan imkoniyatlarni ishga solib, joriy yilda turizm sohasida: - xorijdan 15 million turist jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish; - 635 ta mehmonxona va mehmon uylarini ishga tushirish, 50 mingta yangi ish o‘rni yaratish; - qo‘shimcha 375 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish; - Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatida 1 tadan, Qashqadaroda – 2 ta va Buxoroda – 3 ta turizm qishlog‘ini tashkil qilish ustuvor vazifalar etib belgilandi. Kun tartibidagi ikkinchi masala – xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari ko‘rib chiqildi. Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflarda 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘tgan hafta Samarqandda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi. Shularni hisobga olib, 2025-yilda: – 42 milliard dollarlik xorijiy investitsiyani ta’minlash, shu jumladan xorijiy moliya institutlari ishtirokida 5,3 milliard dollarlik ishlarni bajarish; - 81 ta yirik loyihani ishga tushirish, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihani amalga oshirish; - donor tashkilotlar bilan faol ishlab, 2 milliard dollar grant olib kelish; - banklar bilan 6 milliard dollar resurs jalb qilish asosiy maqsad bo‘lishi belgilandi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizga 8 milliard 600 million dollar investitsiya keldi. “Lekin ko‘p vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar “investitsiya o‘zi bo‘laveradi”, degan fikr bilan yuribdi, dunyoqarashini haligacha o‘zgartirmagan”, - dedi Prezident. O‘tgan hafta sohadagi muammolar tanqidiy muhokama qilinib, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlariga “hayfsan” berilgan, Kattaqo‘rg‘on, Navoiy, Yangiyo‘l, Jizzax shaharlari, Yangiobod, Mirzaobod, Bo‘ka va Nukus tumanlari hokimlari ogohlantirilgan. “Pul tikaman degan tayyor investorlarni masalasini tez-tez hal qilish o‘rniga, ko‘p rahbarlar burokratiya qilgani uchun, sarmoyadorlar ketib qolayapti”, - deya qat’iy e’tiroz bildirdi davlatimiz rahbari. Har bir hudud va tarmoq kesimida mas’ul rahbarlar faoliyatiga baho berilishi va xulosa qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi. O‘tgan yili ayrim mamlakatlardan investitsiyalar kamaygani, bu yilda qator yetakchi davlatlar investorlari bilan loyiha qilinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Xitoy, Rossiya va Malayziya bilan hokimlar va investorlarni bir-biriga bog‘lash tajribasi qolgan mamlakatlardagi elchixonalarimizda ham yo‘lga qo‘yilishi zarurligi qayd etildi. O‘tgan oyda Londonda “O‘zbekiston investorlari kuni” tashkil etilgani natijasida 2,77 milliard dollar jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi megapolislarda ham o‘tkazish topshirildi. Xususiylashtirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Bunda 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarib, IPOGA qo‘yiladi, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotiladi. “Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Investor keladi, deb o‘tirmasdan, elchilar uchrashuv tashkil etishi, vazirlar va hokimlar borib taqdimot qilishi kerak. Shunda natija bo‘ladi”, - dedi Prezident. Shu oyda Jizzaxda, iyun oyida esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari o‘tkaziladi. Vazirlar va hokimlarga hozirdan puxta tayyorlanib, investorlarga taklif qilish uchun loyihalar portfelini shakllantirish topshirildi. Bunday forumlarni yil davomida barcha hududlarda tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro moliya institutlari bilan ishlashning yangi tizimi tufayli yil boshidan 706 million dollarlik ishlar bajarildi. “Issiqlik stansiyalari, hududiy elektr tarmoqlari, avtoyo‘llar, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘llarda ishlar ancha oldinga siljidi. Uzoq muddat to‘xtab yotgan jami qiymati 2,9 milliard dollarlik 22 ta loyiha yurib ketdi”, - dedi davlatimiz rahbari. Shu bilan birga, ba’zi loyihalarga tasdiqlanganidan keyin ham hokimliklar tomonidan o‘zgartirishlar kiritilayotgani ularning ishga tushirilishini kechiktirmoqda. Bundan keyin tayyor loyihaga o‘zgartirish kiritish faqat hukumat doirasida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Qo‘shimcha ishlar loyiha tugagandan keyin iqtisod bo‘lgan mablag‘ hisobidan qilinadi. Hozirda suv inshootlari va ularning yerlari turli idoralar balansida turibdi. Shuningdek, 2019-yilda tugatilgan “Suvsoz” balansida 2 ming 800 ta obyekt qolib ketgan. Yana 9 mingta obyektning kadastri yo‘q. Oqibatda bunday obyektlar bo‘yicha loyiha qilish va qurilishni boshlash cho‘zilmoqda. Mutasaddilarga barcha suv va kanalizatsiya obyektlari hujjatlarini tartibga keltirib, obyektlarni “Suvta’minot”ga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish topshirildi. Hozirda xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Vazirlar, viloyat hokimlari joriy yil yakunigacha 4,5 milliard dollarlik ishlarni so‘zsiz bajarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Loyihani asossiz cho‘zib, ortiqcha foiz to‘lanishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi. Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. “Xalqaro moliya tashkilotlari ham islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, joylarga chiqqan holda loyihalarni tezlatish bo‘yicha hokimlar bilan faol ishlayapti. Yanvar-mart oylarida Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Fransiya rivojlanish agentligi, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakillari Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaroga borib, 200 ga yaqin tadbirkor bilan ishladi. Qisqa vaqt ichida 1,5 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishga kelishildi”, - dedi davlatimiz rahbari. Mutasaddilarga har bir loyihani yakuniga yetkazish kerakligi haqida ogohlantirildi. Umuman, bu amaliyotni tizimga aylantirib, yana kamida 3 milliard dollarlik shunday loyihalarni boshqa hududlarda ham qilish topshirildi. Banklar birinchi chorakda xorijdan 1,2 milliard dollar resurs jalb qildi. Buning yarmidan ko‘pi 4 ta bankka to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan banklar ham bu boradagi ishini faollashtirishi muhim ekani ta’kidlandi. Andijon, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida tadbirkorlar bilan faol ishlangani uchun ushbu mablag‘larning ko‘pi shu hududdagi loyihalarga to‘g‘ri kelayapti. “Nima uchun qolgan hokimlar sifatli loyiha qilib, tayyor pulni ishlatmaydi?”, - deya savol qo‘ydi Prezident. Endilikda banklar chetdan mablag‘ jalb qilishi bilan uni qanday loyihalarga, qancha muddatga va qaysi shartda berishi haqida hokimlarni xabardor qiladi. Hokimlar esa tadbirkorlar ishlab chiqqan tayyor loyihalarni to‘plab, banklarga taqdim etadi. Davlatimiz rahbari yig‘ilishni yakunlar ekan, barcha mutasaddilarni yana bir bor ogohlantirdi. “Har bir daqiqani g‘animat bilib, qo‘yilgan katta marralarga mos ravishda ishni tashkil qilish kerak”, - dedi Prezidentimiz. Yig‘ilish davomida turizm sohasida namunali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilindi, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

9 Aprel 2025 Yil

156

Chuv tushirishni tanishlardan boshladi

Shuhrat maktabni tamomlagach, institutga o‘z bilimi bilan o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq talabalik gashtini surib ulgurmay talonchilik jinoyati sodir etib 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu-shu o‘qish ham qolib ketdi. Keyin firibgarlik jinoyati uchun sudlandi. Biroq bundan ham o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Jazo muddatini o‘tab bo‘lishi hamonoq yana bir jinoyatga qo‘l urdi. 2024 yilning dekabr' oyida tanishi A.Yo‘ldoshni uchratib, suhbat chog‘ida uning avtomashina olish niyatida ekanligidan xabar topdi. O‘zining “Captiva” avtomashinasini taklif qildi. Yo‘ldosh uning avtomashinasini haydab ko‘rdi va sotib olishga qaror qildi. Ertasi kuni Shuhratga 25.000 AQSh dollarini keltirib notariusga borib rasmiylashtirishni taklif qildi. Ammo oldindan avtomashinasini sotish niyati bo‘lmagan, faqat qo‘liga pul kiritishni rejalashtirgan Shuhrat notariusga tashrifni boshqa kunga qoldirdi. Shu-shu suvga tushgan toshdek Yo‘ldoshga ko‘rinmay ketdi. Shuhrat jinoiy harakatlarini davom ettirib, tanishi D.Po‘latni ham chuv tushirdi. Po‘latning xonadon sotib olish niyatini bilgan Shuhrat unga o‘zi yashab turgan xonadonini sotmoqchi ekanligini aytib, 39.000 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi. — Jabrlanuvchilar Shuhratni avvaldan taniganlari uchun unga ishonishgan. U esa ularning ishonchini suiiste'mol qilib, pullarini olgan,– deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Dias Abdullaev. – O‘z tanishlarini aldashga uyalmagan odamdan nima kutish mumkin? Odam odamga ishonmasa, munosabatlarda ishonch bo‘lmasa, hayotning zavqi-shavqi xiralashmaydimi? Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1993 yilda tug‘ilgan, 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan, muqaddam sudlangan U.Shuhratning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplaganligi, aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.

8 Aprel 2025 Yil

190

Nonko‘rlik

Aslida o‘zi ishlab turgan, shu ishlagan joyidan maosh olib ro‘zg‘orini tebratib kelayotgan odam ishxonada o‘g‘irlik qilmaydi. Yoki salom-alik qilib yurgan hamkasblarining haqiga ko‘z olaytirmaydi. Bu nonko‘rlik hisoblanadi. Biroq P.Bektosh bundaylardan bo‘lib chiqmadi. Aksincha, Yashnobod tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birida ishlab turib, 2024-yilning 6 martida ishchilarning ovqatlanishi uchun mo‘ljallangan oshxonada ishlovchi T.Nargizaga tegishli bo‘lgan sumka ichidagi hamyondan 700.000 so‘m pulini o‘g‘irlagan bo‘lsa, 8 mart kuni mazkur jamiyat ishchisi E.Qodirning narxi 1.100.000 so‘m bo‘lgan “Redmi Note 9” telefonini o‘g‘irlab, ularga duch kelganida go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek quyuq salomlashib yuraverdi. 19 mart kuni esa soat 11.00 larda ishxona oldida faoliyat yurituvchi Z.Sunnatxo‘jaga tegishli oziq-ovqat do‘koniga kirib, sotuvchining ko‘zini shamg‘alat qilgancha kassa oldida turgan 1.400.000 so‘m pulini o‘g‘irlab chiqib ketdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1988-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, 3 nafar farzandning otasi, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan va 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan P.Bektoshning jinoiy harakatlarini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, pushaymonligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini inobatga olib, shu modda bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Nuriddin Ramazonovning ish yurituvidan olindi.

7 Aprel 2025 Yil

316

Interaktiv xizmatlar

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Turistlar uchun

1173

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya:

loading