13 Iyun 2022 Yil 162

HAR BIR XODIM E’TIBORDA

Yashnobod tumani IIOFMB boshlig‘ining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Oybek Otaboyev boshqarmaga soat millari 8:00 bo‘lmasidan avval keldi. Xonasining u yoq-bu yog‘iga nazar tashladi va tartibga keltirdi. Kechagi kunda amalga oshirgan ishlarini yana bir bor ko‘zdan kechirdi va bugungi qilinajak yumushlarni daftariga qayd etib qo‘ydi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining ko‘rsatma talablarini ijro etish maqsadida «Xodimbay» ishlash tizimi bo‘yicha hamda boshqarma miqyosidagi kunlik chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishdi.

Ertalabki xizmat oldi yo‘riqnomasi

Soat 8:30 da boshqarma shaxsiy tarkibi ishtirokida xizmatoldi yo‘riqnoma o‘tkazilib, sohaviy xizmat rahbarlari tomonidan siyosiy yangiliklar va xizmatga oid ma’lumotlar tanishtirildi. Shaxsiy tarkibning xizmat kiyimini kiyib yurish qoidasiga rioya etishi, ko‘zdan kechirilib, xizmat intizomiga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar yetkazildi. Shundan so‘ng navbatchilik qismi tezkor navbatchisi tomonidan vazirlik, shahar, tuman miqyosidagi tezkor vaziyat bo‘yicha axborot berildi.
Sport mashg‘uloti
Shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida boshqarma huzurida tashkil etilgan «Workout» maydonchasi barpo etilgan. Xodimlar bu yerda tasdiqlangan rejaga muvofiq sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishdi. Bugun profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari o‘rtasida turnikka tortilish bellashuvi ham o‘tkazildi. Barcha xodimlar yaxshi natija qayd etish uchun bor kuchini ishga solib, o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi.

Xizmat joylarini o‘rganish va yakka tartibdagi suhbat

Podpolkovnik O. Otaboyev soat 10:00 dan shaxsiy tarkibning xizmat joylari, xonalarini o‘rganishga kirishdi. Faoliyatda kerak bo‘ladigan me’yoriy ish hujjatlari, xonalarning antisanitariya holatlarini ko‘zdan kechirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalarini berdi.
Kun tartibiga muvofiq, ichki ishlar organiga yaqinda qabul qilingan, xizmat intizomini buzishga moyil bo‘lgan xodimlar bilan yakka tartibda profilaktik suhbat o‘tkazdi. Intizom va qonuniylikka rioya etish, xodimlarning oilasida va xizmatda duch kelayotgan muammolari hamda psixologik holatini o‘rgandi. Natijasi bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, bugunning eng dolzarb masalasi bo‘lgan fuqarolar murojaatlari bo‘yicha har bir xodimga ularni o‘z vaqtida sifatli ko‘rib chiqishga jiddiy e’tibor berishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Bemor holidan xabar olish – savob

Tuman IIOFMB 2-sonli navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, mayor D. Erkaboyev uyida bemor bo‘lib yotgan edi. Boshliq o‘rinbosari boshqarmadagi yumushlardan so‘ng uning oilaviy sharoitini o‘rganish maqsadida xodimning uyi tomon otlandi. 2009-yildan buyon sohada faoliyat yuritib kelayotgan osoyishtalik posbonining 3 nafar farzandi bor. Uning uchinchi farzandi muddatidan avval jarrohlik yo‘li bilan tug‘ilganligi, xodim va uning turmush o‘rtog‘i davolanish uchun dori-darmonga muhtojligi sababli oilasida moddiy yetishmovchiliklar yuzaga kelayotganligi aniqlandi. Shuning uchun Toshkent shahar IIBBga bir martalik moddiy yordam puli ajratilishi yuzasidan iltimosnoma kiritildi.


Ijarada yashayotgan xodim

Shuningdek, 3-sonli IIB HPB profilaktika inspektori, leytenant D. G‘afforovning ham yashash sharoiti o‘rganildi. U tumanning Muxtor Ashrafiy ko‘chasidagi N. Syomkaga tegishli xonadonda ijara shartnomasi asosida ota-onasi, opasining 2 nafar farzandi, singlisi, turmush o‘rtog‘i va o‘zining 2 nafar farzandi bilan yashab kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirgani bois Toshkent shahar IIBBning tegishli buyrug‘i bilan ijara puli har oy to‘lab berilmoqda.
Bundan tashqari, xodimning otasi ko‘p yillardan buyon yurak-ishemik va gipertoniya kasalligi bilan muntazam ravishda statsionar va ambulator davo muolajalarini olib keladi. Dori-darmon uchun ham mablag‘ kerak. Shu munosabat bilan yosh xodimga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida Toshkent shahar IIBBga bir martalik moddiy yordam puli ajratilishi yuzasidan iltimosnoma kiritildi.
Bundan tashqari, ijarada yashayotgan yana ikki nafar tergovchining yashash sharoiti o‘rganilib, bu bo‘yicha hujjat rasmiylashtirilib, Toshkent shahar IIBBga berildi. Kelgusida bu xodimlarga ham ijara puli to‘lab beriladi.

Tungi xizmat oldi yo‘riqnomasi

Tungi soat 20:00. Boshliq o‘rinbosari, sohaviy xizmat rahbarlari bilan hamkorlikda tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarning xizmatoldi yo‘riqnomasida qatnashdi. Shaxsiy tarkibning xizmat epikirovkalari ko‘zdan kechirilib, xizmat intizomiga rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Osoyishtalik posbonlarining xizmat yo‘nalishlari va xizmatni tashkil etish faoliyati o‘rganilib, ular hushyorlikka chaqirildi. Shundan so‘ng xodimlar jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish uchun xizmatga chiqib ketdi.
Podpolkovnik Oybek Otaboyev yo‘riq-nomadan so‘ng xizmat xonasiga kirib, amalga oshirgan ishlarini sarhisob qildi. Daftariga bir qur nazar tashlab, ertangi qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni belgilab qo‘ydi va oila bag‘riga yo‘l oldi.

 

© «Qalqon-Щит»

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech