Toshkent shahar IIBB: sportchilarni g‘alaba bilan tabriklashdi
Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan navbatdagi ma'naviy-ma'rifiy tadbirda yaqinda Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan «V Islom birdamlik o‘yinlari»da munosib ishtirok etib, raqiblari ustidan ishonchli g‘alaba qozonib, musobaqaning oltin medali sohibiga aylangan IIBB xodimi, safdor Shahram Ahadov va sportning kikboksing turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘lgan IIBB hodimasi, safdor Robiya Qo‘chqorovalarni tantanali tabriklashdi. Tadbirda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov so‘zga chiqib, sportchilarni musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabriklab, ularga esdalik sovg‘alar topshirdi, shuningdek kelajakda ularni yanada yangi g‘alaba va medallar kutib turganiga ishonch bildirdi. Tadbir davomida “Vatanparvarlik” oyligi doirasida IIBB Ekspert-kriminalistika bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, tadbirda Toshkent Davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilfuza Abdullaeva “Kadrlar siyosatida yangicha yondashuv” mavzusida ma'ruza qilib, ichki ishlar organlari hodimlariga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va xalqimiz orasidagi obro‘si ko‘p jihatdan kadrlar salohiyati hamda ularning maqsadli kasbiy tayyorlanishiga chambarchas bog‘liqligi yuzasidan fikr bildirdi.