16 Iyul 2022 Yil 1009

Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegasiyasi Toshkent shahar IIBBga tashrif buyurdi

Tojikiston Respublikasi IIV Militsiya faoliyatini isloh qilish bo‘yicha milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Xamdamzoda Valixon Xamdam boshchiligidagi delegasiya O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lishdi.

Mehmonlarni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari - Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ulug‘bek Agzamxodjaev kutib oldi. Delegasiya rahbari va a'zolariga Toshkent huquqni muhofaza qilish idorasining tuzilmasi va asosiy vazifalari, islohot va istiqboldagi rejalar haqida qisqacha so‘zlab berildi.

So‘ng mehmonlar Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi va “Shon-sharaf” muzeyi bilan tanishib chiqishdi. Delegasiya a'zolariga Axborot multimedia markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi. “Shon-sharaf” muzeyiga tashrif davomida mehmonlar e'tiboriga havola qilingan respublika ichki ishlar organlari shakllanishining turli bosqichlarida ishlatilgan forma-kiyimlari, avto va mototransport, maxsus vosita va qurollar ekspozisiyalari ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar Chilonzor tumani IIO FMB 2-son IIBga qarashli Uchtepa huquq tartibot markazi faoliyati bilan ham tanishdilar. 2022 yilda e'lon qilingan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da tashkil etilgan mazkur huquq tartibot maskani hududdagi bir necha mahalla fuqarolari uchun qulay joylashuvi hamda u yerda yaratilgan sharoitlardan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish – ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy mezoni” ekanligi tashrif buyuruvchilar tomonidan alohida e'tirof etildi.

Tashrifning ikkinchi kuni mehmonlar Bosh boshqarma PPX va JTSB faoliyati va bu borada olib borilayotgan islohotlar bilan tanishishdi.

Hozirda Tojikiston Resupublikasi IIV delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech