10 Май 2022 йил 1374

Toshkent shahar IIBB Tergov tizimi faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi

Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, nafaqada bo‘lgan faxriylardan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish an'anaga aylangan. 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning bo‘linmalari xodimlari tergov tizimida ko‘p yillar davomida xizmat qilgan ichki ishlar organlari faxriylarining xonadonlariga tashrif buyurishdi.
Jumladan, iste'fodagi polkovnik Mirzatilla Ximayatov uzoq yillar tergov sohasida samarali mehnat qilib, bugungi kunda oilasi, do‘stlari davrasida mehr va e'tiborda yashab kelmoqda. Faxriy mehmonlardan juda mamnun bo‘lib, hamkasblari uni unutmaganligini va tez-tez xabar olib turgani uchun poytaxt IIBB rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
25 yillik xizmati davomida iste'fodagi podpolkovnik Nina Nurmatova hamkasblarining hurmat va e'tiborini qozonishga erishgan. Hamkasblari uning uyida tez-tez mehmon bo‘lishib, Nina Ivanovna sog‘lig‘i haqida doimo so‘rab, yordam ko‘rsatishayotganligi uchun barchaga minnatdorchilik bildirdi.
Yashnobod tumani IIO FMB mas'ul xodimlari bayram arafasida iste'fodagi podpolkovniklar Atham Hamidov va Zokir Murodovlarning xonadonlariga tashrif buyurishdi. Bir piyola choy ustida faxriylar mehmonlarga ko‘rsatilayotgan e'tibor uchun minnatdorchilik bildirishdi, shuningdek, mamlakatimizda keksa avlod vakillari hech qachon unutilmasligi, ularning ko‘rsatmalari, nasihatlari qadrlanishini ta'kidlashdi.
Bayram munosabati bilan Tergov boshqarmasi xodimlari ko‘p yillarini Vatanga xizmat qilishga bag‘ishlagan iste'fodagi podpolkovnik Avaz Shomurodovga ham hurmat va ehtirom ko‘rsatishdi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Uchtepa tumanlari IIO FMB xodimlari ichki ishlar organlari faxriylari – iste'fodagi polkovnik Ilhom Davronov hamda iste'fodagi podpolkovniklar Umar Ro‘ziev va Faxriddin Egamberdievlardan xabar olishib, ularga sovg‘alar topshirishdi.

Барча янгиликлар

Text to speech