Toshkent shahar IIBB xodimlari qidiruvdagi shaxslarni qo`lga oldilar
Toshkent shahar IIBB YHXB yo`l-patrul xizmati xodimlari yo`llardagi holatni nazorat qilib, yo`l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlamoqdalar. Bundan tashqari, ular mast holatda yoki hujjatlarsiz avtomobil boshqargan, shuningdek birovning avtomobilini olib qochgan shaxslarni qo`lga olmoqdalar. Shuningdek YPX xodimlari qidiruvda bo`lgan shaxslarni aniqlash va qo`lga olish bilan ham shug`ullanadilar. Masalan, 19-yanvar kuni Bektemir tumanidagi “Sharq” postida YPX inspektori kichik serjant M. Sharipov 2021-yilning 8-dekabridan buyon qidiruvda bo`lgan, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O`g`rilik”) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan 35 yoshli Orif K.ni qo`lga oldi. Fuqaro Bektemir tumani IIO FMBga yetkazildi. Shu kunning o`zida poytaxt IIBB YHXB YPX inspektorlari katta serjant R. Xaydarov va safdor S. Yuldashevlar Mirzo-Ulug`bek tumanidagi KXАY ko`chasida xizmat olib borish davomida yo`lni belgilanmagan qismidan kesib o`tayotgan piyodaga e’tibor berdilar. Hujjat tekshiruvi davomida aniqlanishicha, Samarqand viloyatilik 1996-yilda tug`ilgan Sharof S. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida (“Firibgarlik”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvga e’lon qilingan.