21 Июн 2022 йил 1673

Poytaxtning Olmazor va Yunusobod tumanlarida mehnat yarmarkalari tashkil etildi

Bugun mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish hamda mahkumlarni axloqan tuzatish va ijtimoiy moslashtirish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahar IIBB probasiya boshqarmasi tomonidan bandlik masalasiga alohida e'tibor qaratilib, probasiya guruhida turuvchi fuqarolar ish bilan ta'minlanmoqda. Bunda tumanlarda o‘tkazilib kelinayotgan mehnat yarmarkalarining o‘rni va ahamiyati katta bo‘lmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Olmazor tumanida tashkil etildi. Unda 20 dan ziyod korxona, firma va davlat muassasalari 100 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, mehnat yarmarkasi davomida tuman prokuraturasi tomonidan fuqarolar o‘rtasida aliment to‘lovlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi. Unda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari bilan bir qatorda aliment to‘lovlarini amalga oshirishda burch va majburiyatlari ham borligi tushuntirib o‘tildi. Yarmarka davomida vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqarolar o‘zlari tanlagan sohalarga ishga joylashdilar.
Bu kabi tadbir Yunusobod tumanida ham bo‘lib o‘tdi. Unda probasiya xizmati, Yunusobod tumanining 3-sektori hamda tuman aholi bandlikka ko‘maklashish markazi hamkorligida band bo‘lmagan fuqarolarga ish topishlarida yaqindan yordam berildi.
E'tiborli tomoni bo‘sh ish o‘rinlari probasiya hisobida turuvchi fuqarolarning uylariga yaqin, probasiya talablarga mos va kasbi hamda qiziqishlaridan kelib chiqib taklif etilganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu kabi tadbirlar poytaxtimiz tumanlarida davom etmoqda.

Барча янгиликлар

Text to speech