16 Апрел 2022 йил 1637

Ma'naviyat oyligi: Sergeli tumanida kitob yarmarkasi

“Ma'naviyat oyligi” doirasida Sergeli tumani IIO FMB xodimlariga “Kitob yarmarkasi” tashkil qilindi. Mazkur “Kitob yarmarkasi” Yangihayot tumanidagi “Green park” istirohat bog'ida tashkil qilinib, unda xodimlarni kitobxonlikka chorlash, ularning kitob mutolaasiga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshirish va shu orqali ma'naviy dunyosini boyitish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsad qilindi.

Yarmarka “Sharq ziyokori” kitob markazi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda badiiy, ilmiy hamda jahon adabiyotining nodir asarlari va turli janrlarda chop etilgan kitoblar savdosi bo'lib o'tdi. Yarmarka doirasida taqdim etilgan bir qator adabiyotlar, jumladan buyuk bobokalonimiz Amir Temur haqida, shuningdek, taniqli adiblarimiz Abdulla Qodiriy, O'tkir Hoshimov, Tohir Malik, Xudoyberdi To'xtaboevning bir qator asarlari va boshqa adabiyotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.

Tadbir davomida xodimlar tavsiya etilgan va o'zlarini qiziqtirgan adabiyotlar bilan tanishdilar va xarid qildilar. Bu kabi tadbirlarni doimiy tashkil etish xodimlarning ilmini oshirishga, nutq madaniyatini o'stirishga xizmat qiladi.

Барча янгиликлар

Text to speech