Savdo munosabatlarini tuzishdagi ishonch – xususiy biznes yuritishning asosiy printsiplaridan biridir. Аmmo gohida insofsiz kishilar insonning aynan shu xususiyatidan foydalanib, aldov yo`li bilan birovning mulkini o`zlashtirishga harakat qiladilar. Mirzo-Ulug`bek tumani IIO FMB tergovchisi kapitan M. Yuldashev shu kabi jinoyatlardan biri to`g`risida so`zlab berdi. Yozning jazirama kunlaridan birida muqaddam sudlangan 36 yoshli J.K. ertalabdan navbatdagi qurboni tomon yo`l oldi. U rejasini barcha tafsilotlarigacha allaqachon tuzib bo`lgan edi. Firibgarlik aql ishlatish kerak bo`lgan jinoyatlardan biri hisoblanadi, firibgarlar esa ko`pincha inson psixologiyasini yaxshi tushunadigan shaxslar bo`ladilar. O`z rejasini amalga oshirish uchun J.K. o`zini kichik qurilish biznesi sohibi sifatida tanishtirish maqsadiga muvofiq kiyindi. Go`sht mahsulotlari do`koniga kirgach, sotuvchi bilan salomlashdi va “Do`konning xo`jayini kim? Menda unga juda yaxshi taklif bor”, dedi. 27 yoshli А.S. ushbu do`kon egasi ekanligini aytib, J.K. bilan so`rashdi. O`zini qurilish firmasi direktori ekanligiga ishontirgan J.K. ishchilari uchun unga 160 kg. go`sht kerakligini aytdi. “Sen bilan yozma kelishuv tuzamiz. Qo`rma, aytgan narxingda pulini beraman. Sendan olgan go`shtlar yaxshi chiqqanligi uchun yoningga keldim”, dedi J.K. Bu gaplarni eshitgan А.S. hammasiga rozi bo`ldi. Ular shartnoma tuzib, narxini (10.880.000) va to`lov kunini kelishib oldilar. Go`shtlar mashinaga yuklandi va А.S. bilan J.K. xayrlashishdi. To`lov kuni keldi, ammo go`sht do`konining egasi shu kuni ham, keyingi kunlarda ham pulini ololmadi. Xaridorga qo`ng`iroq qilganda esa J.K. turli baxonalar bidan to`lovni kechiktirar edi. Kuz kirib kelganda ham holat o`zgarmadi. Do`kon egasi ariza bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo`ldi. Muqaddam sudlangan 36 yoshli J.K.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi. Аlbatta, sud tomonidan jinoyatga yarasha jazo belgilanadi. Аmmo firibgarlar hayotda ma’naviy jazo ham borligini unutmasliklari zarur. Ular o`z qilmishlari sababli odamlarning ishonchlarini yo`qotadilar.