Poytaxt IIBB xodimlari Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Yoshlar o'rtasidagi giyohvandlik doimiy va birgalikda ishlashni talab qiladigan muammolardan biridir. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ta’lim muassasalarida tizimli ravishda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga katta ahamiyat berilmoqda. Yaqinda 26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni arafasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar IIBB JQB va Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB mas’ul xodimlari hamda oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Ichki ishlar organlari xodimlari poytaxtda psixotrop vositalari va giyohvand moddalarni tarqatish tendentsiyalari haqida hamda salbiy oqibatlari va jinoiy javobgarlik to’g’risida to’xtalib o’tishdi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlarga giyohvandlik vositalari va boshqa psixotrop moddalarni iste’mol qilishning xavf-xatarlari haqida ma’lumot berishdan iborat.
Uchrashuvda talaba-yoshlarga Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan giyohvandlikning zarari va salbiy oqibatlari haqidagi videolavhalar namoyish etildi. Xuddi shunday uchrashuv A.Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filialida bo‘lib o‘tdi. Tadbir interaktiv formatda o‘tkazilib, savol-javoblar bilan yakunlandi.