Chilonzor tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo'yicha inspektor ish kunlari
Chilonzor tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektori mayor Go'zal Ishanxodjaeva Toshkent shahrida "oilalarda barqarorlik muhitini mustahkamlash" shiori ostida o'tkazilayotgan tadbirlar rejasiga muvofiq quyidagi ishlarni amalga oshirmoqda:
"Ko‘tarma" mahallasida yashovchi S.S. ariza bilan murojaat qilib, unga sobiq turmush o'rtog'i E.U. psixologik ta'sir ko'rsatayotganini ta'kidladi. U bolalarining otasi bo'lib, muayyan vaqt davomida aliment to'lamaganligi sababli, nizo yuzaga kelgan. Erkak kishi ayolga tahdid va jismoniy zo'ravonlik qilib kelgan. Shu sababli unga himoya orderi berildi va ushbu hujjat bilan belgilangan huquq va imkoniyatlari tushuntirildi. Bundan tashqari, sobiq turmush o'rtog'i bilan profilaktik suhbat o'tkazilib, u himoya orderi talablarini buzgan taqdirda unga nisbatan tegishli choralar ko'rilishi haqida ogohlantirildi.
"Mehrjon" MFY binosida mahalla mas'ul vakili va aholi ishtirokida profilaktik tadbir bo'lib o'tdi. Tadbirda mahallada yashovchi 2 nafar ayol G.S. va X.Sh. o‘rtasida doimiy ravishda janjallar bo‘lishi va kelishmovchiliklar kelib chiqishi natijasida fuqarolar tomonidan e'tirozlar keltirib chiqayotgani muhokama qilindi. Ayollar bilan profilaktik suhbat o'tkazildi va nizoni davom ettirishga to'sqinlik qiladigan himoya orderi berildi.
"Mehrjon" mahallasida yashovchi F.S. ariza bilan murojaat qilib, unda muntazam ravishda spirtli ichimliklar iste'mol qilib, unga nisbatan salbiy xatti-harakatlar qilib kelayotgan turmush o‘rtog‘iga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Uning eriga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 187-moddasiga (jamoat joylarida alkogolli mahsulotlardan foydalanish) asosan xujjatlar to‘planib, sudga yuborildi. Sud fuqaroga nisbatan ma'muriy qamoq jazosini qo‘lladi.
Yig‘ilishda yana bir oilaviy mojaro muhokama qilinib, hal etildi. Spirtli ichimliklar ichishga moyil otasi va qizi o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik, janjalga aylanib ketgan. Natijada otasi qizini urib, yengil tan jarohati yetkazgan. Qiz ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Xodimlar tomonidan fuqarolar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qizga himoya orderi topshirilgan.