Toshkentda IIBB xodimlari o‘rtasida “Namunali oila” ko'rik-tanlovning shahar bosqichi bo'lib o'tdi
“Ma'naviyat oyligi” doirasida Toshkent shahar IIBBda “Namunali oila” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, dunyoqarashi va ma'naviyatini yuksaltirish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda Bosh boshqarma sohaviy xizmatlaridan 6 ta namunali oila o‘zaro kuch sinashdilar.
Dastlab ishtirokchilar yig‘ilganlarga o‘z oilalarini tanishtirdilar. Shundan so‘ng tanlovning “Bu – mening oilam” shartiga ko‘ra, ular o‘zlarining qiziqishlari, oilaviy munosabatlari, xizmat-faoliyatini aks ettirgan fotolavha hamda videoroliklarini tomoshabinlar hukmiga havola etishdi.
Ko‘rik-tanlovning “Biz kitobxon oilamiz” deb nomlangan sharti tomoshabin va hakamlarda katta taassurot qoldirdi. Shartga ko‘ra, ishtirokchilar o‘zbek va jahon adabiyotiga hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va adiblar qalamiga mansub kitoblarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati bo‘yicha bilet savollariga javob berishdi. Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Mirobod tumani bo‘yicha IIO FMB JQB katta tezkor vakili mayor Shirin Normatovaning oilasi, 2-o‘rinni Yunusobod tumani bo‘yicha IIO FMB 2-son IIB HPB yoshlar masalalari bo‘yicha profilaktika katta inspektori mayor Baxtigul Amanovaning oilasi, 3-o‘rinni Olmazor tumani bo‘yicha IIO FMB HPB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog kapitan Samariddin Salimovning oilalari qo‘lga kiritdilar. G‘oliblar Bosh boshqarma rahbariyati tomonidan diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.