O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sana mening taqdirimda ham alohida o‘rin tutadi. Sababi, xuddi shu yili men ham orzuyimdagi sohada – ichki ishlar organlari tizimida ilk xizmat faoliyatimni boshladim. Balki shu boisdan bo‘lsa kerak, zimmamdagi mas’uliyatni doimo his qilib turmang. Xizmatim davomida «Istiqlolimizni asrash – mening burchim!» degan shior bilan ishlayman.
O‘sha kunlar hali hamon esimda: 1991-yili hozirgi Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limida oddiy militsioner lavozimida xizmat boshlaganman. Faoliyatim davomida ichki ishlar organlarining turli sohalarida ishladim. Ayni paytda Yakkasaroy tumani IIOFMB 4-sonli IIB boshlig‘ining tashkiliy masalalar bo‘yicha o‘rinbosariman. Hududda joylashgan mahallalarda istiqomat qilayotgan 33 ming nafarga yaqin aholining osoyishtaligiga mas’ulman. Fuqarolardan tushayotgan murojaatlarni qabul qilib, ularning ijrosini ta’minlab kelmoqdaman.
Bugungi kunda ko‘pchilikni tashvishga solayotgan jinoyat firibgarlikdir. Ayniqsa, «olx.uz» platformasidagi yolg‘on e’lonlarga aldanib, chuv tushayotganlar ko‘p. Shu bois hududda tez-tez fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlar tashkil etib kelinmoqda. Tizimda xizmat qilayotganimga deyarli 35 yil bo‘libdi. Aslida, ichki ishlar organi xodimi bo‘lish katta sharaf, chunki bu kasb egalariga xalqimiz ishonib yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek mas’uliyatli vazifani yukla gan. Buni shogirdlarimga ko‘p takrorlayman. Shuningdek, xalqning ishonchini oqlash, halol xizmat qilish, zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglash kerakligini ta’kidlayman.
«Ortingda butun O‘zbekiston xalqi turganini his et, kerak bo‘lsa, joningni ayama, shunda yuksak sharafga erishasan, hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lasan», – deyman. Mustaqillikning dastlabki yillari bilan bugungi kunni, bugungi davrni taqqoslab bo‘lmaydi, albatta. Har sohada yangilanish, o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, ichki ishlar organlari tizimida ham. Buni biz chuqur anglagan holda, yosh kadrlarni ona Vatanga muhabbat va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashimiz, kim yurtini sevsa, ishida unum, topganida baraka bo‘lishini uqtirishimiz lozim.
Ilhom XOLMIRZAYEV, podpolkovnik
© Postda – На посту, №32 (4726), 2025-yil 7-avgust