31 Dekabr 2025 Yil 0

Yoshlar bilan muloqot

Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tengligini ta’minlash, oila, onalik va bolalalikni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bunga javoban, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki tobora ortib bormoqda.

IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyida poytaxt IIBB sohaviy xizmatlar vakillari hamda mazkur ta’lim muassasasi o‘quvchi qizlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida bu borada atroflicha so‘z yuritildi. Tadbirda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, mavsumiy yuqumli kasalliklar, IIVning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun harbiy-tibbiy komissiyada tibbiy guvohlantirishdan o‘tish tartibi, ichki ishlar organlarida xodimalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilgan shart-sharoitlar, kibermadaniyatni yuksaltirish mavzulari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
– Bosh boshqarma va uning tizimlarida erkaklar bilan bir safda, bir maqsad yo‘lida sadoqat va fidoyilik bilan xizmat olib borayotgan ayollar ulushi tobora ortyapti, – deydi Toshkent shahar IIBB HPB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Shirin Normatova. – Bu, avvalo, Yurtboshimiz rahnamoligida jamiyatning barcha jabhalarida xotin-qizlarimizning o‘rni va rolini oshirishga qaratilayotgan e’tiborning mahsulidir. Qolaversa, ichki ishlar organlaridek mas’uliyati og‘ir sohada ularning samarali faoliyat yuritishi uchun ishonch bildirish, imkoniyat va sharoit yaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish borasida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Shuningdek, ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchi yoshlarga inson qiziqqan sohasida o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun o‘qish-o‘rganishdan va izlanishdan to‘xtamasligi kerakligi uqtirildi. Hayotdagi qiyinchiliklardan cho‘chimay, bilmaganlarini ustozlaridan, hamkasblaridan so‘rab, o‘z burchini sidqidildan ado etishga kirishganlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi, ichki ishlar organlari tizimida ham ko‘zlagan maqsadlariga erishishi ta’kidlandi.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №51 (4745), 2025-yil 18-dekabr

Barcha yangiliklar

Text to speech