Uchtepa tumani IIOFMB HPB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘linmasi inspektori, katta leytenant Bahodir Karimov 21 yildan buyon ichki ishlar organlarida faoliyat yuritib keladi.
Shogirdi – katta leytenant Jahongir To‘rayev hali yosh. Xizmatni boshlaganiga endi to‘rt yil to‘lgan. Avvaliga profilaktika inspektori sifatida faoliyat yuritgan Jahongir yaqindan boshlab katta leytenant Bahodir Karimov murabbiyligi ostida IIOFMB HPB ATSJOOBda xizmatini davom ettirmoqda. – Yo‘nalishimiz axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani bois firibgarliklar ko‘p uchraydi, – deydi katta leytenant J. To‘rayev . – Xususan, yil boshidan shu kungacha 1000 dan oshiq murojaat kelib tushgan. Xususan, «Davlat tomonidan yordam puli berilmoqda!» kabi feyk xabarlar, ijtimoiy tarmoqda onlayn savdo ostidagi nayranglar, kripto valyuta birjalari orqali pul mablag‘larini ko‘paytirish takliflariga uchish, onlayn do‘konlarda yoki onlayn o‘yinlarda pul mablag‘lari bilan ishtirok etish hollari ko‘p uchramoqda. Mana shunday firibgarlik holatlari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilib, qonun ustuvorligini ta’-minlash maqsadida tergovga chiqarilgan.
– Katta leytenant Jahongir To‘rayev tirishqoqligi, izlanuvchan va o‘ziga talabchanligi bilan ajralib turadi, – deydi ustozi B. Karimov. – Bu yo‘nalishda faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmaganiga qaramasdan, bor imkoniyatlarini ishga solib, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga intiladi. Sohani yaxshi tushungani bois, ayrim paytlarda hatto undan o‘rganadigan jihatlarimiz ham bor. Uning joylarda fuqarolarni ogohlikka chorlovchi tadbirlarda, targ‘ibot va tashviqot ishlarida faol bo‘layotgani ham tahsinga sazovor.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz. Ikrom HASANOV fotomuxbir