17 Avgust 2025 Yil 0

Qadr qanot beradi

...65 yoshli akaxon choyxonada ulfatlari bilan kechgan bazmdan keyin bazo‘r uyiga yetib keldi. Kayfning zo‘ridan arzimagan vajni bahona qilib janjal ko‘tardi. Xotini: «Adasi, kelinlaringiz, navaralaringiz oldida uyat bo‘ladi», – eridan kaltak yeb ham oldi. Xullas, tuni bilan uyda halovat bo‘lmadi. Ertalab akaxon ko‘chaga chiqib ketgach, ayoli darhol Yakkasaroy tumani IIOFMB 4-sonli IIB Navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qildi...

Ertalab boshliqdan tegishli topshiriq olgan IIB HPB XQMB katta inspektori, katta leytenant Muhayyo Ismoilova hududiy profilaktika inspektori bilan birga o‘sha xonadonga yo‘l oldi. Chog‘roqqina hovlida tuni bilan bo‘lib o‘tgan janjalning izlari ko‘rinib turardi: uyning oynalari singgan, daraxtning tagida chelaklar ag‘darilib, idish-tovoqlar sinig‘i sochilib yotardi. Unga yig‘layverib qovoqlari shishib ketgan uy bekasi peshvoz chiqdi. Salom-alikdan so‘ng voqeani surishtira boshladi.
Ma’lum bo‘ldiki, ayol so‘nggi paytlarda ichkilikka ruju qo‘ygan eridan muntazam ravishda tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan ekan. Uydagi gapni ko‘chaga chiqarishga haddi sig‘magan ayol sabr kosasi to‘lgach, axiyri himoyalanish uchun o‘zida jur’at va kuch topdi. Ko‘chadan qaytgan erkak hovlisida formali xodimlarni ko‘rib rangi-quti o‘chdi... Ayolga himoya orderi rasmiylashtiildi.

— Afsuski, faoliyatimda bu kabi holatlar ham uchrab turadi, — deydi lavhamiz qahramoni. — Yoshlarni-ku, hali yosh, g‘o‘r deymiz. Lekin yoshi bir joyga borgan, quda-andali odamlar orasida ham «qo‘ydi-chiqdi»lar bo‘lib turganini qanday izohlash mumkin? Oilani muqaddas bilib, uning ustuni, qo‘rg‘oni bo‘lishi kerak bo‘lgan erkaklar orasida 30–35 yil birga yashagan yostiqdoshini asrab-avaylash, farzandlariga, nabiralariga o‘rnak bo‘lish o‘rniga o‘zini sharmanda qilayotganlar ham uchrab turibdi.

Yana bir holat. Hududimizdagi bir oila qizini unashtirib, fotiha to‘yi qiladi. Shundan keyin bo‘lajak kuyov qizni nazorat qilishni boshlaydi. Yigit hatto shu darajaga borib yetadiki, qizning oilasiga ham tazyiq o‘tkazishga urinadi. Natijada o‘rtadagi fotiha buziladi. Bu holatda qizga himoya orderi berib, uning xavfsizligi ta’minlandi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, katta leytenant Muhayyo Ismoilova tumandagi Bobur, «Damariq», Abdulla Qahhor, Hamid Sulaymonov, Shohjahon, «Bog‘saroy» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Joriy yil boshidan buyon 10 ga yaqin oilalar yarashtirildi, 10 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi.

— Har gal biror oiladagi mojaroni tahlil qilib, imkoni darajasida uni ijobiy hal qilish maqsadida o‘sha xonadonga ketayotganimizda, ishonasizmi, shunday o‘ng‘aysiz ahvolga tushamiz.

Chunki, garchi chaqirilgan bo‘lsak ham, bizni kutayotgan bo‘lishsa-da, birovning oilasiga, qolaversa, shunday noxush vaziyatda kirish juda noqulay. Aslida, har bir oila sirining pinhonaligi bilan jozibali, o‘z muammolarini o‘zi hal qila olishi bilan hurmatga sazovordir.

Dunyoqarashi keng, fikrlari teran bo‘lgan katta leytenant Muhayyo Ismoilova o‘z xizmat vazifasiga doimo mas’uliyat bilan yondashadi. Shuningdek, tizimda o‘tkaziladigan turli ko‘rik-tanlov va musobaqalarda ham faol ishtirok etadi. Xizmatda erishgan yutuqlari uchun rahbariyat tomonidan berilgan bir qancha tashakkurnomalar, faxriy yorliq va sertifikatlar bilan taqdirlangan. Bu esa lavhamiz qahramoniga kuch-quvvat, g‘ayrat va yanada shijoat baxsh etadi.
Muhayyo bilan suhbatlashib o‘tirib, uning yaxshigina rasm chizish qobiliyati ham borligini bilib qoldim. Chizgan suratlarini birma-bir ko‘zdan kechirar ekanman, agar taqdir taqozosi bilan qahramonim rassomlikni tanlaganida, undan yaxshigina musavvir chiqishiga ishondim.

Adolat FAYZIYEVA,
o‘z muxbirimiz.
Toshkent shahri.

© Postda – На посту, №33 (4727), 2025-yil 14-avgust

 

Barcha yangiliklar

Text to speech