«Zarqo‘rg‘on» mahallasi poytaxtimizning Chilonzor tumanining eng «qaynoq» nuqtalaridan biri desak yanglishmaymiz. Chunki mahalla hududida ko‘plab savdo shoxobchalari, tashkilot va idoralar hamda tibbiyot muassasalari joy olgan. Bundan tashqari, «Chilonzor» metro bekati ham shu mahalla hududida.
– Aholi soni 5 ming nafardan oshadi, – deydi mahallada joylashgan 316-tayanch punkti profilaktika katta inspektori, mayor Dilmurod Shermatov. – Bundan tashqari, mahalla hududidan o‘tgan ko‘chada jamoat transporti qatnovi hamda metro bekati orqali har kuni ko‘plab fuqarolar kelib-ketishi evaziga huquqbuzarlik va jinoyatchilik biroz ko‘proq. Lekin biz mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektorlari, kapitanlar Abdurashid Mirzalimov hamda Dilshod Faritovlar bilan hamkorlikda bor kuch-imkoniyatlarimizni sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratganmiz.
Ayniqsa, tungi vaqtlarda qonunbuzilish holatlarining ko‘proq uchrashini inobatga olib, bu paytda yanada sergaklikni oshirib xizmat olib borishga to‘g‘ri keladi. Bevosita profilaktika inspektorlarining sa'y-harakatlari bilan aynan tungi vaqtda bir nechta jinoyat «issiq izida» ochildi. Shu yilning 20 fevral' kuni kechki payt mahallaning xonadonlaridan birida Toshkent tumanidan kelib yashayotgan V.Yu. ismli ayolning xonasi tekshirilganida, 301 dona «Zardeks» va
17 dona «Tropikamid» nomli tarkibida psixotrop modda bo‘lgan preparatlar borligi aniqlangan.
Jinoyatlarning aksariyati ayniqsa, o‘g‘rilik jinoyatlari videokuzatuv kameralari yordamida ochilmoqda. Hozirda tayanch punktimizdagi komp'yuterga 30 dan oshiq kameralar integratsiya qilingan. Yana 60 ta kamera ulanish arafasida. Bu bizga hududni bevosita kuzatib turishimizda asqatmoqda.
– Men mustaqillik tengdoshiman, – deydi kapitan Abdurashid Mirzalimov. – Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tugatib, ichki ishlar organlaridagi ilk faoliyatimni shu tumanning «Botirma» mahallasida profilaktika inspektorligidan boshlaganman. Ustozlarimdan kasb sir-asrorlarini o‘rganib, tajriba orttirdim. Hozirda mazkur mahallada ham hamkasblarim hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda xizmat olib bormoqdaman. Men istiqlol tengdoshi nomiga munosib tarzda mustaqilligimizni yanada mustahkamlash va el-yurtimiz tinchligini saqlashda o‘z hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman.
Mahallaning ko‘chalari, ko‘p qavatli uylar atrofi toza-ozodaligini ko‘rib, bahri dilimiz ochildi, demak aholi, faollar hamda profilaktika inspektorlari ahil, jips ekan degan xulosaga keldik. Zero, ozodalik bor joyda obodlik va qut-baraka bo‘ladi.
Sarvar SOBIROV
© POSTDA – На посту