27 Fevral 2026 Yil 0

Oilalar tinch bo‘lsin deb

Fidoyi insonlar zimmasiga olgan vazifani ado etish uchun bor kuch-g‘ayratini ayamaydi. Ular vaqtidan, halovatidan kechadi, to maqsadiga erisha olguncha, ko‘ngli joyiga tushmaydi, yana va yana harakat qilaveradi.

Shundaylar sirasiga Toshkent shahar Uchtepa tumani IIOFMB HPB XQMB katta inspektori, mayor Shahlo Abdukarimova ham kiradi. Xotin-qizlar muammolarini aniqlash, tizimli ravishda hal etish va «Ayollar daftari»ni yuritish maqsadida tumandagi 60 ta mahallada ishchi guruhlar va tuman shtabi tashkil etildi. «Ayollar daftari»ni shakllantirishda shaffoflikni ta’minlash, muhtoj xotin-qizlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, ularning muammolarini atroflicha o‘rganish va hal etish asosiy vazifa etib belgilandi. Ishchi guruh a’zolari xonadonbay ishlash asosida, anketa-so‘rovnomalar orqali aholi muammolarini to‘liq aniqlashmoqda. Bu jarayonga mayor Shahlo Abdukarimova bosh-qosh.

Lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlari tizimida 1994-yildan buyon samarali faoliyat yuritadi. 1999-yildan esa Toshkent shahar Uchtepa tumanida xotin-qizlar manfaatini himoya qilish yo‘lida jon kuydiryapti.

– O‘tgan yil davomida xotin-qizlar tomonidan 53 ta jinoyat sodir etilgan, ularning asosiy qismi firibgarlik jinoyatlaridir, – deydi mayor Shahlo Abdukarimova. – Jinoyat sodir etgan ayollarning 31 nafari ishsiz.

Ko‘ngilsiz holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori hamkorlikda ish olib bormoqda. Natijada ayollarga huquqiy, psixologik, tibbiy, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

– Ayrim oilalarda ota-ona dunyodan o‘tgach, farzandlar orasida meros talashish, yangi kelinni uy ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, molparastlik, dabdababozlik va boshqa sabablar oilalarni parokandalikka olib keladi, – deydi Shahlo Abdukarimova. – Bunday holatlarga chek qo‘yish uchun birlashib harakat qilishimiz kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili tumanda xotin-qizlar inspektorlari tomonidan 593 ta himoya orderi rasmiylashtirilgan. Mahallalarda «Turmush» tadbirlari va jinoyat muhokamalari o‘tkazilgan. 33 nafar ayol Toshkent shahar Reabilitatsiya va moslashtirish markaziga, 11 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxs Narkologiya markaziga, 17 nafar shaxs esa shifoxonaga joylashtirilgan.

Tumanda 395 nafar profilaktik hisobdagi, 33 nafar probatsiya bo‘limi hisobida turuvchi fuqarolar bilan «Ish bor – hunar bor» mavzusida tadbirlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, tungi «Oriyat» tadbirlari doirasida axloq-odobi yomon ayollar va huquqbuzarlarga doimiy ro‘yxatdagi manzillariga taqdimnomalar yuborildi. 214 ta nizoli oila ro‘yxatga olindi, 10 nafar ayol uyiga qaytarildi, 2 oilaning mol-mulk bilan bog‘liq masalalari hal qilindi, 67 nafar oila ajrimdan saqlab qolindi, 45 oilaning nizosi bartaraf etildi.

Hayotda mayor Shahlo Abdukarimova «O‘zingga ishon, o‘zgani hurmat qil!» shiori bilan yashaydi. Lavhamiz qahramoni kam so‘zlaydi, ko‘p harakat qiladi. Uning fidoyilarcha mehnati tufayli jamiyatda ayollarning manfaatini himoya qilyapti, oila osoyishtaligi va farzand baxti uchun xizmat qilmoqda.

U ota kasbini davom ettirib, el duosini olayotganidan faxrlanadi. Iqtisodiyot universitetining 5-bosqich talabasi bo‘lgan o‘g‘li Firdavs ham bobosi va onasi izidan borishni maqsad qilgan.

Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz

Barcha yangiliklar

Text to speech