17 Avgust 2025 Yil 0

Maqsad ezgu bo‘lsa, kunlar yorug‘, tunlar charog‘on

Kapitan Akmal Mirsagatov Bektemir tumani IIOFMB EKB eksperti sifatida jinoyatlarni «issiq izida» fosh qilishga munosib hissa qo‘shib kelyapti. U tahlillarni sifatli o‘tkazishga harakat qiladi. Kasbiga bo‘lgan ishtiyoqi va sadoqatini fidoyilik bilan uyg‘unlashtirib, namunali xizmat qilib kelayotgan xodimlardan biri. Uning bir kunlik xizmat faoliyati bilan tanishib bunga biz ham amin bo‘ldik.

ER-XOTINNING URUSHI – DOKA RO‘MOLNING QURISHI

Ertalabki soat 8:30da Bektemir tumani IIOFMB Navbatchilik qismiga Nurli yo‘l ko‘chasi Mirzagul 1-tor ko‘chasi 26-uyda istiqomat qiluvchi onaxon qo‘ng‘iroq qilib, uyida kelini yo‘qligi haqida xabar qildi. Voqea joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi yetib bordi.
Surushtiruvlar chog‘ida bir kun avval er-xotin o‘rtasida nizo kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha profilaktika inspektori oilaviy nizoning sabablarini o‘rganishni boshladi. Ekspert Akmal Mirsagatov esa ushbu xonadon, er-xotinning yashash xonasi, buyumlar, javonlaridan holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida tahlillar oldi.

QILIG‘I SOVUQNING NIYATI SOVUQ

Soat 11:00 larda «Xavfsiz va sog‘lom yurt» profilaktik tadbir doirasida Parkent yo‘lida xizmat olib borayotgan tuman IIOFMB PPX xodimlari ikki noma’lum shaxs ning xatti-harakatlari shubha uyg‘otgani haqida xabar berishdi. Ushbu asosida voqea joyiga yetib borildi. Yigitlar yo‘l yoqasidagi archa tagidan nimanidir kovlab olishga urinayotgandi.
Sohaviy xizmat xodimlari tomonidan daraxt tagidan ichida noma’lum suyuqlik bo‘lgan flakon topildi. Ushbu holat va ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Flakondagi suyuqlik nima ekanligiga oydinlik kiritish ekspert Akmal Mirsagatovga topshirildi.

O‘G‘RINING KO‘ZI – O‘LJADA

Soat 14:15. Navbatchilik qismiga tumanning «Zabardast» mahalla fuqarolar yig‘ini Bog‘i eram 6-tor ko‘chasi 52-uyda o‘g‘rilik sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi. Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tergov-tezkor guruhi xodimlari dastlabki surushtiruvdayoq ba’zi jihatlarga oydinlik kiritishdi. Ya’ni, xonadonda hech kim yo‘qligidan foydalangan noma’lum shaxs hovliga qo‘shnining devoridan oshib tushgan. U yotoqxonadagi javon tortmasidan hamma pullarni, tilla taqinchoqlarni olib, voqea joyidan yashiringan. Kapitan Akmal Mirsagatovning voqea joyidan olgan barmoq izlari o‘g‘rining shaxsiga oydinlik kiritishda eng muhim asos bo‘ladi deb o‘ylaymiz.

BIRLASHGAN O‘ZAR

Kapitan Akmal Mirsagatov voqea joyidan qaytib, xizmat xonasiga yaqinlashar ekan, uni Bektemir tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Sherzod Shomurodov kutib turganini ko‘rdi. U hamkasbidan yurituvidagi ishi yuzasidan rasmdagi kishining shaxsiga aniqlik kiritib berishini so‘radi. O‘z kasbining ustasi bo‘lib ulgurgan lavhamiz qahramoni 4–5 daqiqada elektron tizim yordamida rasmdagi shaxsning kimligini aniqladi.

SAYOQ YURSANG, TAYOQ YEYSAN

Kechki soat taxminan 23:10larda «102» xizmatiga Rohat ko‘chasida joylashgan Parfum do‘koni yonida bir guruh o‘smirlar o‘zaro janjallashayotgani haqida xabar kelib tushdi. Aytilgan manzilga yetib borgan sohaviy xizmat xodimlari 4–5 nafar spirtli ichimlik iste’mol qilgan shaxslar 3 nafar o‘spirinning yo‘lini to‘sib, ularning yonidagi puli va uyali telefonlarini olib qo‘yib, yana pul talab qilishayotgani ustidan chiqishdi. Ammo talonchilik qilganlar aybini bo‘yniga olishni istamasdi. Ekspert Akmal Mirsagatov tomonidan uyali telefonlar, pullardan olingan barmoq izlari kimning haqligini ko‘rsatishi tayin.

BAXT OILA TINCHLIGI BILAN TO‘KIS

Bugungi xizmati biri ikkinchisini takrorlamaydigan holatlar bilan kech gan lavhamiz qahramoni o‘z postini bo‘limdagi hamkasbiga topshirar ekan: «Ba’zida navbatchilik qismiga birorta ham ko‘ngilsiz holatlar bo‘yicha qo‘ng‘iroqlar bo‘lmaydi. Men doim shunday bo‘lishini chin dildan xohlayman. Ammo hayot bir tekis emas, kutilmagan noxush holatlardan ko‘z yumib ham bo‘lmaydi», – dedi. Kapitan Akmal Mirsagatov ustozi Bektemir tumani IIOFMB EKB katta eksperti, mayor Farhod Azamatov bilan qariyb yetti yildirki, yonma-yon xizmat qiladi. Undan soha sirlarini qunt bilan o‘rgandi. Xizmatda ustozining tavsiya, yo‘l-yo‘riqlariga amal qiladi.
Maqsadi ezgu bo‘lgani uchun Akmal Mirsagatovning kunlari yorug‘, tunlari charog‘on. Har gal faoliyatini yakunlagach, oila oshyoniga oshiqadi. Uni fayzli xonadonida pazanda, oqila va mehribon rafiqasi Sabina, «Dadajon», deya shodligi ichiga sig‘may unga talpinguvchi farzandlari Yasmina, Muhammadali va Abubakir kutadi.

DALILLAR TILGA KIRSA...

Biz lavhamiz qahramonining bir kunlik xizmat jarayoni yakunlari bilan o‘zimiz uchun qiziqdik. Birinchi holatga uyidan chiqib ketgan kelin dugonasining uyidan topilgani haqida ma’lumot oldik. Archa tagidan topilgan shisha idishchadagi suyuqlik kuchli ta’sir qiluvchi dori ekan.
Uchinchi holatdagi o‘g‘ri shu xonadonda ishlab ketgan ustaligini voqea joyidan olingan barmoq izlari fosh etibdi. U olib chiqib ketgan 20 million so‘m pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib, tilla taqinchoqlarni arzongarovga sotib yuborganini tan olibdi. Tunda ko‘cha kezganlar bilan bog‘liq to‘rtinchi holatda esa uyali telefonlar va pullar egalariga qaytarilibdi. Ushbu holatlarning barchasida qonunbuzarlarga tegishli tartibda chora ko‘rilishi muqarrar. Sirasini aytganda, yil boshidan buyon 80 ga yaqin voqea joyini ko‘zdan kechirib, 50 dan ortiq ashyoviy dalillar olgan lavha miz qahramoni ularni «gapirtirib», adolat tantanasiga munosib hissa qo‘shyapti.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №33 (4727), 2025-yil 14-avgust 

Barcha yangiliklar

Text to speech