3 Iyul 2025 Yil 0

Kibermakonda – kiberxavfsizlik, yoxud sohada yagona yondashuv va tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishda poytaxt tajribasi o‘rganildi

Axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sari bundan g‘araz maqsadda foydalanuvchilar ham ortib bormoqda. Ya’ni, imkoniyatlar olamining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, salbiy oqibatlari ham kundalik hayotimizga kirib kelayotganini inkor etib bo‘lmaydi.

Joriy yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan choratadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va qator tashkiliy-texnik choralarni ko‘rish belgilandi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish maqsadida respublikaning barcha hududlarida kiberxavfsizlik bo‘lim va bo‘linmalari yangi tuzilma sifatida qayta tashkillashtirilib, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmalari tashkil etildi. Boshqarmalarda kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Kiberjinoyatlarning oldini olish tizimini yaxlit boshqarish, respublikadagi barcha xodimlar qisqa muddatlarda yangi tuzilmalar ish jarayonlariga kirishishi va bu borada poytaxtning ilg‘or tajribasini respublikaning barcha hududlarida joriy etish maqsadida Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasida seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etildi, – deydi Toshkent shahar IIBB ATSJQKB boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Jahongir Sa’dullayev. – Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati IIBB shahar-viloyatlar IIB ATSJQK boshqarmalari kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘linmalarining xodimlari hamda vazirlik Akademiyasining 2 va 3-o‘quv kursi kursantlari kibermakonda huquqbuzarliklarni oldini olish, targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahri tajribasi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotida qatnashishdi.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA,
o‘z muxbirimiz

© POSTDA – На посту, №27 (4721). 03.07.2025

Barcha yangiliklar

Text to speech