19 Sentyabr 2025 Yil 0

Jahon tajribasi ilk bor kinologiyada

Dunyo tajribasiga nazar solsak, itlar nafaqat qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb qilinadi, balki ijtimoiy hayotda ham katta yordamchi bo‘la olishi mumkin. Toshkent shahar IIBB JTSB Kinologiya bo‘limida ham mamlakatimizda ilk bora yo‘l ko‘rsatuvchi itlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bo‘lim xodimlari jahon tajribasini o‘rgangan holda mashg‘ulot maydonlarida xizmat itlari bilan shug‘ullanishmoqda.

– Hozirgi kunda bo‘limimiz xodimlari o‘zlariga yuklatilgan vazifadan tashqari, aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham maxsus itlarni o‘rgatishmoqda, – deydi shahar IIBB JTSB Kinologiya bo‘limi bo‘linma boshlig‘ i, kapitan Oybek Baymatov. – Birinchisi, ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi fuqarolarni biron bir marshrut bo‘ylab yetaklab yurishga mo‘ljallangan yo‘riqchi itlar. Ularni o‘rgatish tajriba tariqasida bo‘lib, birinchi bosqich bo‘limning mashq maydonchasi va manejlarida, ikkinchi bosqich aholi yashash joylari hamda ko‘chalarda olib borilmoqda. Ikkinchi yo‘nalish esa nogiron va imkoniyati cheklangan fuqarolarga yo‘riqchi itlarni o‘rgatib berishdan iborat.

Bunda – itning vazifasi imkoniyati cheklangan fuqaroga zarur bo‘lgan narsani olib kelish uchun belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanish.
Misol uchun, dorixonadan doridarmon olib kelish kerak bo‘lsa, xizmat itiga taqilgan maxsus sumkaga pul va retsept solinib, manzilga borib kelish buyuriladi. Xizmat iti dorixonaga kelganida dorixonachi maxsus sumkadan retseptni olib, kerakli dorilarni berib, uyga degan buyruq beradi. Bu mashg‘ulotlarning barchasida bo‘lim instruktorlari xizmat iti bilan yonma-yon yurib, imkoniyati cheklangan insonlarga, dorixonachi va do‘konchilarga ham ushbu yo‘nalishda tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bundan tashqari, fuqarolarda ham bu yangilikka nisbatan ko‘nikma hosil bo‘lishi uchun joylarda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda hozirda dunyo bo‘ylab 20 mingdan ziyod itlar shu yo‘nalishda xizmatga tayyorlangan. Jahon tajribasida bitta jonivorni kerakli vazifalarga o‘rgatish uchun 8–10 oy vaqt sarflanar ekan. Bu belgilangan muddat ichida aniq belgilangan manzillarning nomlarini eslab qolish, u yerga boribkelish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.

Bo‘limda veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya diagnostikasi ishlari ham amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xodimlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy bo‘ysunuvchanlik hamda himoya-qorovul ko‘nikmalari ham o‘rgatilmoqda. Bundan tashqari, naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq bo‘lgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli jami 5 bosh itlar shartnoma asosida pul ko‘chirish yo‘li bilan kinologlar tomonidan umumbo‘ysunuvchanlik ko‘nikmalari bo‘yicha o‘rgatildi. Bo‘lim hisobida bo‘lgan xizmatga yaroqsiz 7 bosh xizmat itlari o‘rnatilgan tartibda fuqarolarga sotildi. Veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya diagnostika ishlari bo‘yicha 29 marotaba maslahat berish va retsept yozish, davolash ishlari bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatildi.

Ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, sohani dunyo standartlariga mos ravishda rivojlantirishdan iborat.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz.

© Postda – На посту, №38 (4732), 2025-yil 18-sentabr

Barcha yangiliklar

Text to speech