27 Iyul 2025 Yil 0

«Jahon ravshan ziyoyi ilmdandur...»

– Bolaligimdan nimagaki intilsam, ota-onamning qo‘llab-quvvatlashini his etganman, – deydi Yunusobod tumani IIOFMB M va FRB inspektori, kichik serjant Sadoqat Xudoynazarova. – Bu oldimga qo‘ygan maqsadlarim sari yanada ishtiyoq bilan harakat qilishimga zamin yaratgan. Aslida har bir farzandning eng katta orzusi, avvalo, ota-ona ishonchini oqlash, qaysi sohada bo‘y ko‘rsatmasin, Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishdir.

Bugunning yoshlari. Ayni damda ushbu iborani qanchalar mehr, iftixor, qoniqish bilan ayta olamiz. Avvalambor bunga ularning yetuklik sari tashlayotgan dadil qadamlari, salohiyati sababdir. Qahramonimiz ana shunday yosh xodimlardan biri. U o‘ziga nihoyatda talabchan qiz. Bu fazilat unga otasi Toshkent davlat agrar universitetining kafedra mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Chorshanbi Ulug‘ov hamda onasi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Safargul Ulug‘ovadan o‘tgan.
– Qizlarimdan Surayyo pe dagog, Ra’no shifokor, Sadoqat huquq-tartibot sohasini tanlagan bo‘lsa, kenjamiz Parizoda 8-sinf o‘quvchisi, – deydi Chorshanbi Ulug‘ov. – Oilaviy dasturxon atrofida jam bo‘lganimizda, doim ilm-fandagi yangiliklar haqidagi bahs-munozarala rimiz ancha cho‘ziladi. Qizlarimning til o‘rganishga, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlarini o‘zlashtirishga ishtiyoqi kuchli. Ularning barchasi turk tilini mukammal o‘zlashtirishgan. Uyda ba’zan o‘zaro turk, ingliz tilida so‘zlashib, bir-birlarining xato va kamchiliklarini kamaytirishga harakat qilishadi. Biz onasi ikkimiz farzandlarimizni faqat olg‘a harakat qilishga ruhlantiramiz.

Farzand ta’lim, tarbiyasi poydevoriga ota-onaning jonkuyarligi asnosida qo‘yilgan har bir g‘isht, uning mustahkamligi kafolatidir. Bu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Sadoqat Xudoynazarovaning izlanishlari ana shunday mustahkam asosga qurilgani bois u sobitqadamlik bilan tanlagan yo‘lida davom etmoqda.
– Termiz davlat universitetida tahsil lib yurgan kezlarimda huquq-tartibot mavzusidagi maqolalarim Italiya, Amerika kabi davlatlarning ilmiy nashrlarida chop etildi, – deydi qahramonimiz. – Aslida avvaldan ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, ichki ishlar organlarida xizmatga kirish maqsadim bir-birini to‘ldirardi. Shu bois o‘tgan yili Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura bosqichi hamda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga hujjatlarimni topshirdim. Omadim kelib, ikkisiga ham o‘qishga qabul qilindim. Biroq har ikkisida birdan o‘qishni davom ettirishning imkoni yo‘q edi. Men Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakultetini tugatib,
Yunusobod tumani bo‘yicha IIOFMB va FRB inspektori lavozimi da xizmatimni boshladim. Joriy o‘quv yilidan magistratura bosqichida ham o‘qishni davom ettirish niyatidaman. Shoira Anbar Otinning yillar silsilasida eskirmagan «Jahon ravshan ziyoyi ilmdandur, ko‘ngil sofi safoyi ilmdandur» misralarini qalbiga jo qilgan qahramonimiz xizmatda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘kis va sifatli bajarishga doimo shay. Albatta, uning bu sa’y-harakatlari tizimda muvaffaqiyatlarga erishishida asos bo‘ladi.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz.

© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech