Odatdagidek boshlanib, ko‘ngilsizlik bilan yakun topgan kun. Shodiqul (ism-shariflar o‘zgartirildi) ertalab uyidan chiqib, to‘g‘ri tanishi Davronnikiga bordi. Uning uyidagi yumushlarni birgalikda bajarib, mehnati evaziga 100 ming so‘m haq oldi.
Tarki odat – amri mahol. U ishlagan puliga spirtli ichimliklar do‘koniga kirib, xumorini yozdi. Ishlab topilgan pullar esa tugadi. Uyiga kelguniga qadar yiqilib, turtinib yuz-qo‘llari shilindi. Shirakayf holda uyiga kirganida, qizalog‘i Sarvinoz otasining yuzqo‘llarini yuvib qo‘ydi. Bu paytda Diyora oshxonada kuymalanib yurardi. Shodiqul undan pul so‘radi. Ayoli pul yo‘qligi, ro‘zg‘orda hech narsa qolmaganini aytib, diydiyo qildi. Qorni ochganligini aytgan er, ovqat qilinmaganligi sabab yanada darg‘azab bo‘ldi. Ikki o‘rtada janjal chiqdi. Oniy lahzada stol ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘liga olgan Shodiqul ayolining qorniga sanchadi. Bu holatni ko‘rib qo‘rqib ketgan Sarvinoz «103»ga qo‘ng‘iroq qiladi. Tez tibbiy yordam yetib kelib, Diyorani kasalxonaga olib ketadi. Shifokorlarning sa’y-harakati bilan ayolning hayoti saqlab qolinadi. Sudda Shodiqul Berdiyev o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini bildirdi. O‘z navbatida, Diyoraxon ham turmush o‘rtog‘iga hech qanday da’vosi yo‘qligi, oilasi, farzandlari uchun uni kechirganligini ma’lum qildi. Taraflarni tinglagan sud, oilada ikki nafar farzand borligi va boshqa jihatlarni inobatga olgan holda, aybdorga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Tanaga yetkazilgan jarohatlar bitishi mumkin. Ammo qalb yarasi bitishi qiyin. Diyora ham oilasi parokanda bo‘lib ketmasligini, farzandlarini o‘yladi. Afsus, bugun jamiyatda bunday holatlar uchrab turibdi. Ajralish ortida farzandlar sarson bo‘lmoqda. Oila – jamiyat tayanchi. Har bir er-u xotin yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklarni jahl bilan emas, sabr va aql bilan hal etishsa, yuqoridagi kabi ko‘ngilsizliklar yuzaga kelmagan bo‘lardi. Zero, kechirimlilik zaiflik emas – jasorat!
Sarvar SOBIROV, Yangihayot tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan