Poytaxtimizning Chilonzor tumani IIOFMB HPB VYMB inspektor-psixologi, leytenant Nozimaxon Ergasheva bolalikdan ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ota-onasining kasbiga mehr qo‘yib ulg‘aydi. U ko‘ngliga tukkan maqsadlari sari harakatni IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyida a'lo baholarga o‘qish bilan boshladi. Keyin ta'limni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida davom ettirdi. Mazkur bilim dargohida sohaga oid bilimlarni chuqur o‘zlashtirishga intildi, doim a'lochi kursantlar safida bo‘ldi.
– Qizim Nozima o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchan, – deydi Sergeli tumani IIOFMB Kanselyariya boshlig‘i, safdor Nodira Yuldasheva. – Unda sohaga oid ilk tushunchalar oilaviy suhbatlarimiz chog‘ida shakllangan. Biz uning qiziqishlarini qo‘llabquvvatladik. Ilk xizmat boshlagan kezlari nazariy bilimlarining o‘zigina yetarli emasligini, ta'lim dargohida olgan saboqlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishi muhimligini, ustoz-shogird an'anasi hayotning oltin halqalari ekanligini ta'kidladim.
Onasining maslahatlariga quloq tutgan qahramonimiz Chilonzor tumani IIOFMB HPB VYMB katta inspektor-psixologi, kapitan Ahmadjon Abdullayevdan sohaning o‘ziga xos tomonlarini so‘rab o‘rganishdan aslo tortinmadi. Muammoli vaziyatlarga yechim topishda ustozi bilan maslahatlashib, uning tavsiyalariga tayandi. Hozirda u xizmat vazifasidan kelib chiqib, tuman hududidagi ta'lim muassasalari, yoshlarga aloqador jamoat tashkilotlari, hokimlik, ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari va mahalla faollari bilan hamkorlikda ishlayapti. Dars qoldiradigan o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazadi. Nojo‘ya hattiharakatlari jamoatchilikda e'tiroz uyg‘otgan voyaga yetmaganlarga o‘qituvchilar, mahalla faollarini murabbiy sifatida biriktirib, ulardan tez-tez xabar oladi. Ular bilan yakka tartibda suhbatlar olib boradi. Bolalarning ruhiy holati, xulq-atvor xususiyatlari, ijtimoiy moslashuv darajasini o‘rganish, muammolarning sabablarini aniqlashga kirishadi.
– Profilaktik suhbat jarayonida arzimagan sabab tufayli tengdoshlari bilan mushtlashib ketgan Bekzod (ismlar o‘zgartirildi) o‘z xatolarini tushunib, juda afsusdaligini, shaxmatga qiziqishini aytdi, – deydi Nozimaxon Ergasheva. – Uning mahallasiga bordim, oilaviy sharoitini o‘rganib chiqib bildimki, bola nosog‘lom oilada tarbiyalanmoqda. Ota ishsiz, kamiga ichkilikka ruju qo‘ygan, onasi kunlik ishlarga chiqib turadi. Odatda bunday vaziyatdagi muammoni boshqa mas'ullar bilan kengashib hal qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki boladagi asabiylik, stress, uning izidan chiqish yoqasida turgan hayoti yaqinlarining turmushi bilan chambarchas bog‘liq. Quvonarlisi, hamkor tashkilotlar bilan olib borgan sa'yharakatlarimiz natijasida Bekzod to‘g‘ri yo‘lni topib oldi. Hozir shaxmat to‘garagiga qatnayapti. Otasi ishli bo‘ldi. Oilaga osoyishtalik qaytdi.
Ha, izlagan imkon, xohlamagan bahona topadi, degan hikmat dono xalqimiz tilida bejiz yaralmagan. Insonda ishonch va xohish birlashsa, ko‘plab muammolar oson yechiladi. O‘zi yosh bo‘lsa-da, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘kis bajarish yo‘lida dadil odimlayotgan qahramonimiz buni o‘zining xizmati bilan isbotlab kelyapti.
Gulnoza Turg‘unboyeva, o‘z muxbirimiz
© “Qalqon-Щит” jurnali, №1 (328)-son, 2026-yil, yanvar