Bugungi kunda internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan jinoyatlar fuqarolarimizning soddaligi, ishonuvchanligi, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasida yetarli bilimga ega bo‘lmaganliklari oqibatidir. Shu bois telekommunikatsiya tarmoqlari va aloqa kanallarida kiberxavfsizlikni taʼminlash masalasi ham dolzarblashmoqda. – Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida IIOFMB Navbatchilik qismiga o‘zini go‘yoki bank, huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari, sug‘urta yoki mobil aloqa kompaniyalari xodimi sifatida tanishtirish orqali firibgarlik harakatlarini amalga oshirishga uringan shaxslar haqida 165 dan ortiq xabar kelib tushgan, – deydi Yakkasaroy tumani IIOFMB HPB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘linmasi inspektori, leytenant Atham Mamayusupov. – Ushbu murojaatlar asosida 144 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, shundan 56 tasi «issiq izida» fosh etilgan. Ushbu holatlar tahlil qilinganda, haqiqatan ham, firibgarlar asosan rus tilida muloqot qilib, telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirib, fuqarolarga psixologik bosim o‘tkazish orqali o‘zlarining g‘araz maqsadlariga erishgan. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, joriy yilning 2 aprel kuni fuqaro S.R. tuman IIOFMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali kosmetika buyumlarini yetkazib berishini aytib, 1050000 so‘m pullarni o‘zlashtirib olgan va vaʼdasini bajarmay g‘oyib bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni Sh.Yu. sodir etganligi aniqlandi. Bo‘linma xodimlari tomonidan hududdagi barcha ijtimoiy soha obyektlariga tashrif buyurilib, ayniqsa, katta yoshdagi fuqarolarga firibgarlar amalga oshirayotgan harakatlar tushuntirilib, nayrangbozlarning tuzog‘iga tushib qolishning oldini olish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berilmoqda. Bundan tashqari, targ‘ibot tadbirlarining samaradorligini yana-da oshirish maqsadida mavjud 21 ta mahalla fuqarolarini o‘zida jamlagan telegram messenjeri kanallari tashkil etilib, so‘nggi vaqtlarda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar haqida maʼlumotlar, video, audio va boshqa targ‘ibot materiallari guruhlarga joylashtirib borilmoqda. Xulosa o‘rnida nomaʼlum raqamdan qo‘ng‘iroq qilinganida, hushyorlikni oshirib, uning ko‘rsatmalariga amal qilmaslik, shaxsiy maʼlumotlarni aslo begonalarga bermaslik va hech qachon oldindan pul to‘lov qilmaslikni tavsiya qilamiz. Shundagina xavfsiz va xotirjam bo‘lasiz.