Baxtli oilalar tufayli baxtiyor jamiyat shakllanadi. Chunki oʻzaro mehrli ota-onalarning farzandlari ham bir-biriga mehribon boʻladi. Agar oilalarda parokandalik boʻlsa, jamiyatning ham tinchi yoʻqoladi.
Toshkent shahar tajribasi tariqasida poytaxt hokimligi hamda shahar IIBB va tegishli idoralar hamkorligida “Xavfsiz oila” konsepsiyasi doirasida qabul qilingan loyiha asosida ishchi guruh tashkil etilgan.
Loyiha doirasidagi tadbirlar davomida tumanlar kesimida nosogʻlom turmush tarzini kechirayotgan, ishsiz, muayyan kasb-korga ega boʻlmagan, ijtimoiy-maishiy muammolar yechimiga muhtoj oilalar oʻrganilib, 15 ta oila va ularning 50 ga yaqin farzandlari bilan manzilli ishlar olib borilmoqda.
Bir oy davomida ushbu oilalarning muammolari oʻrganilib, psixologik portretlari asosida ruhiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Qiziqishi va layoqatiga koʻra kasb-hunarga oʻqitishga, sport toʻgaraklariga jalb etilgan.
Oila aʼzolarining madaniy hordiq chiqarishlariga ham alohida urgʻu berilmoqda. Bu kabi tadbirlar ularning bir-birlarini yaxshiroq tushunishlari, rishtalarning mustahkamlanishiga omil boʻladi.
Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad ham oilalarning toʻlaqonli, baxtli, oʻzaro ahil va totuvlikda yashashlari, farzandlar tarbiyasida faol ibrat boʻlishlari va sogʻlom hayot kechirishlariga qaratilgan.