12 May 2025 Yil 0

“Xavfsiz oila” loyihasi start oldi

Toshkent shahar tajribasi tariqasida “Xavfsiz oila” konsepsiyasi doirasida yangi loyihaga start berildi.
Oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning oldini olish, oilada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ushbu qo‘shma loyiha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, poytaxt hokimligi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda bir qator huquq-tartibot organlari hamkorligida tashkil etildi. Loyiha doirasida tumanlar kesimida nosog‘lom turmush tarzini kechirayotgan, ishsiz, muayyan kasb-korga ega bo‘lmagan, ijtimoiy-maishiy muammolar yechimiga muhtoj bo‘lgan oilalar o‘rganildi. Natijada 15 ta oila va ularning 50 nafarga yaqin farzandlari bilan Yunusobod tumanidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish markazida manzilli ish boshlandi. Bir oy davomida ushbu oilalarning muammolari o‘rganilib, shakllantirilgan psixologik portretlari asnosida psixologik, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Moyilligi va iqtidoriga ko‘ra, kasb-hunarga o‘qitish, sport to‘garaklariga jalb etish ishlari olib boriladi. Yuqoridagi tadbirlar barobarida oila a’zolarining madaniy hordiq chiqarishlari ham ko‘zda tutilgan. Bu ularning o‘zaro yaqinlashishi, bir-birlarini yaxshiroq tushunishlari, rishtalarning mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, markazda mas’ullarning har bir harakati, intilishlari mazkur oilalarning to‘laqonli, baxtli, o‘zaro ahil va totuvlikda yashashlari, farzandlar tarbiyasida faol va ibrat bo‘lishlariga qaratilgan. Bu xayr li va ezgu ishlar o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatishiga shubha yo‘q. Aslida bunday oilalarning bo‘lmasligi tarafdorimiz, biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, qancha inson bo‘lsa, uning tarbiyasi, xulq-atvori, yashash tarzi, tushunchasi ham shuncha. Demak, ular bilan ishlash, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, baxtli bo‘lishiga imkon berish zarur.

Nilufar ISOXONOVA,
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati boshlig‘i

© Mahalla gazetasi

Barcha yangiliklar

Text to speech