Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumani «Damariq» mahallasi hududida joylashgan ko‘pqavatli uylardan birida yashovchi qiz o‘z joniga qasd qilishga uringan vaqtda patrul-post xizmati xodimi tomonidan qutqarib qolingani haqidagi xabarlar yashin tezligida tarqaldi. Voqea aslida qanday bo‘lgan edi?
Oilaviy mojarolar tufayli onasi bilan tortishib qolgan qiz tonggi soat taxminan 6 lar chamasida 9-qavatga chiqib, o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘ladi. Bu holatga guvoh bo‘lgan fuqarolardan biri darhol mahalla hududiga o‘rnatilgan tashvish tugmasini bosadi. Shu zahotiyoq ichki ishlar organi navbatchilik qismiga xabar kelib tushadi.
Voqea joyiga zudlik bilan ikki nafar xodim – «Damariq» mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori, leytenant Sanjar Bekmurodov hamda PPX safdor xodimi Firdavs Jahonov yetib keladi.
Vaziyat o‘ta qaltis edi. Qiz hech kimning gapiga quloq osmayotgandi. Bunday vaziyatda pastdan turib unga biron nima tushuntirish befoyda ekanini tushungan profilaktika inspektori 1-podyezddan, PPX xodimi esa 2-podyezddan tomga chiqishadi.
– 9-qavatga ko‘tarilsam, qiz turgan joyga tushib bo‘ladi-yu, ammo chiqish imkonsiz edi. Bunday vaqtda har bir soniya g‘animat edi. Qiz nihoyatda stress holatida bo‘lib, har daqiqada ko‘ngilsiz holat yuz berishi muqarrar edi. Buni anglaganim sari vujudim muzlab ketardi, tanamni sovuq ter bosardi, – deydi leytenant Sanjar Bekmurodov.
Profilaktika inspektori 9-qavatdagi xonadonlarning biriga kirib, balkondan qiz tomonga o‘tishga urinadi. Lekin qiz qutqarishlarini istamay, yordam qo‘lini rad etadi. Xodim unga psixologik ta’sir o‘tkazishga harakat qilib, yaxshi gapirib, niyatidan qaytarishga urinadi. Shu tariqa qo‘shnining balkonidan 7 metr masofaga salkam 25–30 daqiqada o‘tadi.
Qiz nihoyatda noqulay holatda turardi, ushlash, tirgak bo‘lish uchun hech nima yo‘q edi. Xodim yo‘lini topadi, tarnovga oyog‘i va bir qo‘li bilan chirmashib, ikkinchi qo‘li bilan qizni tortib oladi. Qiz tipirchilab, qarshilik ko‘rsatardi. O‘zi shundoq ham noqulay vaziyatda turgan inspektor bir necha bor toyib ketay deydi.
– Qizni 10–15 daqiqa davomida ushlab turdim. Bu orada yetib kelgan FVV qutqaruvchilari arqon tashlab, qizni ehtiyotkorlik bilan eson-omon tomga ko‘tarib olishdi. So‘nggi daqiqalarda ulgurib, vaziyatni to‘g‘ri baholab, vazifamizni bajarolganimizdan, eng asosiysi, bir oilaning guldek farzandini qutqarib qolganimizdan ko‘nglim yorishib, o‘zimni xotirjam va baxtli his qildim, – deydi qahramonimiz Sanjar Bekmurodov.
Xavf ortda qolgach, shifokorlar qizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Ayni paytda uning ahvoli qoniqarli holatda.
– Ochig‘i, qizimni shu darajaga boradi deb xayolimga ham keltirmagandim, – deydi onasi hayajon bilan. – Psixolog, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor profilaktik suhbatlar o‘tkazishdi. Kerakli xulosalar chiqarib oldik. Endi qizimga e’tiborli bo‘laman. Profilaktika inspektori, leytenant Sanjar Bekmurodovdan o‘z hayotini xatarga qo‘yib jigarbandimning hayotini saqlab qolgani uchun cheksiz minnatdorman. Uning burchiga sadoqati hamda farzandimizni qutqarish chog‘ida ko‘rsatgan jasoratini bir umr unutmaymiz.
Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz
© Postda – На посту, №32 (4726), 2025-yil 7-avgust