Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi Sharq yulduzi mahallasida uzoq muddat chet elda bo‘lib kelgan va probasiya ro‘yxatida turgan xotin-qizlar bilan davra suhbati o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, IIV JXD HPX boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Umida Abdullaeva, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, tegishli vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari hamda tumandagi mahallalarning xotin-qizlar faollari ishtirok etishdi.
Dastlab M. Qodirxonova so‘z olib, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ishtirokini mustahkamlash borasida qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani, belgilangan chora-tadbirlarning amaliy natijalari bo‘y ko‘rsatayotganini ta'kidlab o‘tdi. Xususan, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» tashkil etilib, bu ro‘yxatga qiynalgan, kam ta'minlangan xotin-qizlar kiritilib, ularga ko‘mak berilayotgani, shuningdek, kambag‘allikdan chiqarish maqsadida tadbirkorlikka yo‘naltirilayotganini aytib o‘tdi.
Davra suhbati o‘zaro savol-javob tarzida davom ettirildi. Xotin-qizlarga tegishli vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari tomonidan tushuntirishlar va huquqiy maslahatlar berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Barno Odilovaga ham bir nechta xotin-qizlar o‘z sog‘liqlari bo‘yicha murojaat qildi. Ularning barchasining muammosi hal etiladigan bo‘ldi.
Probasiya ro‘yxatida turuvchi Marg‘uba Umarova onkologik kasalligi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi kerakligi, ammo mablag‘i yetishmasligini aytdi. Uning kasallik tarixi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. M. Umarova dardiga malham topayotganidan xursand bo‘lib, cheksiz minnatdorligini bildirdi.
Shuningdek, mutasaddilar tomonidan uy-joy, ta'lim, kredit va subsidiya ajratish hamda ayrim huquqiy masalalar bo‘yicha savollarga ham atroflicha javob qaytarildi.
Bu kabi davra suhbatlarining o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishda ko‘makdosh bo‘lish orqali davlatga bo‘lgan ishonchini yanada orttirishdan iboratdir.