Mayor Javlon Inoyatov Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi Kuzatuv va ommaviy tadbirlar davrida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash maxsus batal'oni 1-safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori vazifasida xizmat qiladi.
Qahramonimizning otasi iste'fodagi podpolkovnik Mirjalil Inoyatov ham IIB YHXBda mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Endilikda uning kasbini ikki o‘g‘li davom ettirmoqda. Javlonning akasi Jahongir Inoyatov YHXB YPX brigadasi 3-batal'oni YPX katta inspektori lavozimida xizmat qiladi, unvoni mayor.
Buni qarangki, Mirjalil aka oilasining rishtalari yana bir osoyishtalik posboni bosh bo‘lgan oila bilan bog‘landi. Javlon uzoq yillar IIB YHXB xodimi bo‘lib ishlagan, podpolkovnik Xolmat Begmatovning qizi Nilufarxon bilan turmush qurdi. Xolmat aka hozir pensiyada, farzandlari va nabiralarining kamolini ko‘rib, keksalik gashtini surib yuribdi. U har gal duoga qo‘l ochganida, yurtga tinchlik, farzandlari va nabiralari kamolini hamda ularga uzoq umr tilaydi.
Nilufar turmushga chiqqan paytda Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi edi. Ham turmush tashvishlari, ham tahsil olishni birdek olib borish mushkulligini yaxshi anglagan qaynonasi Muharramxon opa unga yaqindan yordam berdi. U kishi yaqindagina tug‘ilgan nabirasi Davronjonga qarab turar, kelini o‘qishdan kelgach, o‘zining qadrdon jamoasi tomon oshiqardi. Darvoqe, Muharramxon opa ham IIV Markaziy poliklinikasida ishlagan. Keyin birin-ketin Mardonjon va E'zozaxonlar ham dunyoga kelishdi. Ular ham shu tariqa tetapoya qila boshlashdi.
Nilufarxon o‘z sohasini yanada mukammal egallash uchun Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ham tahsil oldi. Undagi ichki ishlar organlari sohasiga bo‘lgan qiziqish kuchlilik qilib, hujjatlarini Toshkent shahar IIBBga topshirdi. 2018 yildan Bosh boshqarma tibbiyot bo‘limida shifokor-oftal'molog sifatida osoyishtalik posbonlarining salomatligi yo‘lida xizmat olib bormoqda, unvoni kapitan.
Ham shifokor, ham ichki ishlar organi xodimi bo‘lish ulkan mas'uliyat talab qiladi kishidan. Oilada esa turmush o‘rtoq, farzandlar tarbiyasi va ro‘zg‘or yumushlarini ham yelkasiga olgan ayol. Ba'zilar Nilufarga do‘xtir deya murojaat qilsa, ayrimlar uni ichki ishlar organi formasida ko‘rib havasi keladi.
Inson, ayniqsa ayol, oilasi tinch, farzandlari sog‘lom bo‘lsa, ko‘ngli xotirjam bo‘lib, o‘zini to‘la to‘kis sevgan ishiga bag‘ishlaydi, mehnatidan qadr topadi. Shuning o‘zi katta baxt emasmi?
Ular bilan suhbat qurar ekanmiz, Javlon ham, Nilufar ham turmush qiyinchiliklaridan nolimadi. Ammo ularning samimiy suhbatlaridan ilg‘ash qiyin emaski, past-balandliklardan iborat bo‘lgan bu hayotda turmush tashvishlarining barchasini birgalikda yengib o‘tishmoqda, sabr qilib, farzandlar kamoli uchun harakat qilishmoqda.
Biz tinch, osuda va yanada obod bo‘layotgan mamlakatda yashayapmiz. Bunda Inoyatovlar kabi osoyishtalik posbonlarining ham o‘z hissasi bor.
Sarvar SOBIROV
© POSTDA – На посту