19 Iyul 2023 Yil 260

Vijdon azobi qiynarmikan?

Bu hayotda kimdir «tirnoq»qa zor. Ayrimlar esa o‘z farzandini pullashgacha borayotganini eshitganingda «Yo tavba!» deysan, beixtiyor.
Rohila (ism-shariflar o‘zgartirildi) asli Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidan. U poytaxtga kelib, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kafelarning birida ofitsiant bo‘lib ishlab yurgan kezlari Xolmurod ismli yigit bilan tanishib qoladi.

Ularning munosabatlari jiddiylashib, uchrashib turadigan bo‘lishdi. Keyinroq nima bo‘ladi-yu, ikkisi kelishmay qoladi. Oradan 2–3 oy chamasi vaqt o‘tib, Rohila­ning tobi qochib, shifoxonaga boradi. Tibbiy tekshiruvdan o‘tsa, homilador ekan. Shundan so‘ng unga tashvish tusha boshlaydi. Farzandi tug‘ilgach, bir tashvishi ikki bo‘lishini o‘ylab siqiladi.
Ijarada birga yashovchi tanishlari Sevara va Shahzodaga bu haqda og‘iz ochganda, ular xursand bo‘lishadi. Lekin Rohila Xolmurodga lom-mim demaydi. Shu tarzda oradan oylar o‘tib, tug‘uruq onlari tobora yaqinlashib borar edi. Shunda Rohila oldindan tanishi bo‘lgan Ziyoda ismli ayoldan maslahat so‘raydi. Ziyoda opa unga uyidan joy beradi.
Vaqti-soati kelib, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tug‘uruqxonada Rohila­ning ko‘zi yoriydi. Ziyoda opa o‘zi bosh bo‘lib, ona-bolani tug‘uruqxonadan olib chiqadi. Hammasi shundan keyin boshlanadi.

Bir kuni Rohila Ziyoda opa va uning o‘g‘li Farhod bilan gaplashib o‘tirib, uy olmoqchi ekanligini aytib qoladi. Farhod uy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganligi bois, Bo‘stonliq tumanidagi uylarning birini olishini maslahat beradi. Uyning narxi 40 ming AQSH dollari edi. Biroq bu­ning uchun pul yo‘q. Rohilaning xayo­liga bir fikr keladi. U o‘z jigarbandi, farzandini sotishga qaror qilgan edi.

Bu gapni eshitgan Ziyoda opa va Farhod avvaliga bir cho‘chib tushishadi. Ammo Rohila agar shu ishda yordam berishsa, ularni ham quruq qo‘ymasligini aytganidan so‘ng, ona-bola bunga qiziqib qolishadi.

Shu tariqa vaqt o‘tib, Rohila tanishi Zarina ismli ayolni uchratib qoladi. Zarinaning farzandi yo‘q edi. Shu bois u Rohila­ning taklifini bajonidil qabul qiladi va 12 kunlik chaqaloqni 40 ming AQSH dollariga sotib olishga rozi bo‘ladi.

Zarinaning farzandi bo‘lmasa-da, farzandli ayolning o‘z dilbandini pullayotganiga shunchaki qarab tura olmaydi. Shuning uchun bu holat haqida albatta huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga bildirish kerak degan qarorga keladi. U ariza bilan Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMBga murojaat qiladi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida R. Roziqova va uning jinoiy sheriklari F. Shirinov hamda uning onasi Z. Latipova Z. Davronovadan 10 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda qo‘lga olinadi.

Ushbu jinoiy guruh a’zolari qonunlarimizda belgilangan tartibda jazo olishadi, albatta. Biroq masala­ning boshqa bir tomoni shundaki, begunoh, norasida go‘dakni sotishdek jirkanch ishga qo‘l urgan bu kimsalarni vijdon azobi qiynarmikan?!

Ahrorxo‘ja MA’MURXO‘JAYEV,
mayor.

Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
Toshkent shahri.

© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech