19 Iyul 2023 Yil 711

Rad etib bo‘lmas dalil

Joriy yilning 25 may sanasida poytaxtning Uchtepa tumanida joylashgan savdo majmualaridan birida o‘g‘rilik jinoyati sodir etildi. Voqea joyiga yetib borgan Toshkent shahar Uchtepa tuman IIO FMB tergov-tezkor guruhi tarkibida ekspert-kriminalistika bo‘limi xodimi ham bor edi. Jinoyat sodir etilgan joydan olingan barmoq izlari orqali 2006 yilda tavallud topgan N.Sh. qo‘lga olindi. Rad etib bo‘lmas dalil oldida ojiz qolgan jinoyatchining barcha qilmishini tan olishdan boshqa chorasi qolmaydi.

– O‘tgan olti oy davomida qo‘l barmoq izlari orqali 6 ta jinoyat fosh etildi, – deydi tuman IIOFMB EKB boshlig‘i, podpolkovnik Zay­ni Ashirov. – Shuning­dek, 438 ta jinoyat joyi ko‘zdan kechirilgan, 80 ta turli ekspertizalar bajarilgan va 7 ta fotorobot tuzilgan.

Bundan tashqari, bo‘limga olib kelingan shaxslarning qo‘l barmoq izlari va suratlari «SONDA», «DOS'E» dasturlariga kiritib borilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda sodir etilganlarining «issiq izida» ochilishida ijobiy natija bermoqda.
Ekspert-kriminalistika faoliyatining samaradorligiga erishishda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish barobarida, xodimlarning kasbiy bilim va malakasini oshirishning ham ahamiyati beqiyos. Xodimlar reja asosida o‘quv-malaka kurslarida tahsil olib, daktiloskopiya, trasologiya, portret hamda xatshunoslik, sovuq qurollar yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘lishmoqda.

Tezkor va samarali faoliyat olib borish uchun bo‘limda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy komp'yuter vositalari, fotoapparatlar hamda boshqa maxsus jihozlar jinoyat joyidan kerakli ashyoviy dalillarni topish, har qanday jinoyatni ishonchli dalillar bilan isbotlashda qo‘l kelmoqda. Boshqacha aytganda, dalillarni to‘plashda fan-texnikaning zamonaviy yutuqlarini, xususan, ilg‘or kriminalistik uslub va vositalarni qo‘llash imkonini bermoqda.
Katta leytenant Alisher Mahamadaminov yaqinda Toshkent shahar IIBB idora va tizimlarida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan «Harbiy estafeta» musobaqasida faol qatnashdi. Musobaqada tuman IIOFMB jamoasi poytaxt IIBB idora va tizimlari o‘rtasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishiga munosib hissa qo‘shdi.

Hozirda bo‘limda zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan biri hisoblangan «Polifase» komp'yuter texnikasi o‘rnatilgan. Uning yordamida foto va videotasvir orqali gumonlanuvchining shaxsini identifikasiya qilib, tezda uning kimligiga aniqlik kiritiladi. Ushbu raqamli texnikaning imkoniyati keng bo‘lib, yuzini bekitib olgan kimsani ham tanib olish xususiyatiga ega.

«Papillon» raqamli texnologiya orqali esa respublika miqyosida bazaga kiritilgan qo‘l-barmoq izlari ma'lumotlaridan foydalanish mumkin. Oldinlari bu jarayonlarni hal etish uchun shahar IIBB yoki vazirlikka murojaat qilishga to‘g‘ri kelar edi. Hozirda barchasi tuman IIOFMB EKBning o‘zida bajarilyapti. Bu esa jinoyatning tez fosh etilishida qo‘l kelmoqda.

Sarvar SOBIROV
© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech