3 Iyun 2023 Yil 512

O‘zgarishlardan mahalla ahli mamnun

Obodlik bor joyda fayz-baraka, farovonlik bo‘ladi. Chilonzor tumanida joylashgan «Xonto‘pi» mahallasi ham poytaxtimizning eng ko‘rkam va fayzli mahallalaridan biri. Mahallada 516 ta hovlili xonadon bo‘lib, ularda 4600 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qiladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Ahmadaliev, hokim yordamchisi Furqat Umarov, xotin-qizlar faoli Madina Usmonova, mahalladagi 341-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori, mayor G‘olib Xurramov va profilaktika inspektori, kapitan Anvar Otaxonovlarning birdamligi hamda hammaslakligi tufayli bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Hudud aholisi hovli joyda istiqomat qilganligi bois ham mahalladosh­lar deyarli bir-birini taniydi, ahil va inoq yashashadi. Biron begona kishi mahallaga oralasa, birdaniga ko‘zga tushadi.

– Notinch oilalardagi mavjud muammolarni bartaraf etgan holda, sog‘lom turmush tarziga qaytarishni asosiy maqsad qilib olganmiz, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Ahmad­aliev. – Profilaktika inspektorlari, faollar va otaxonu onaxonlarimiz bilan birgalikda aholi orasida oila muqaddasligini targ‘ib qiluvchi ma'naviy-ma'rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazib kelmoqdamiz. Shuningdek, oilaviy nizolar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi janjallar ham joyida hal etilmoqda, eng muhimi, ajralishlarning oldi olinmoqda. Xususan, yil boshidan buyon yarashtiruv komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, 4 ta oila yarashtirildi. Bundan tashqari, joriy yil boshidan buyon birorta ham jinoyat sodir etilmaganini alohida ta'kidlash joiz. Bunda albatta profilaktika ins­pektorlarining o‘rni katta. Buning uchun ularga qulay shart-sharoit yaratayotgan va mahallaning yanada obod bo‘lishida yaqindan yordam berayotgan vazirlik rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildiramiz.

Shuningdek, mahallada istiqomat qiluvchi kam ta'minlangan va yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga joriy yil boshidan buyon tuman hokimligi tomonidan 212 million so‘mdan ortiq moddiy yordam berildi. Shulardan 9 nafari «Temir daftar» va 110 nafari «Ayollar daftari»ga kiritilganlar. «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 11 nafar kelajagimiz egalariga ham o‘z vaqtida ko‘mak ko‘rsatilgani bois ularning barchasi ro‘yxatdan chiqarildi.

Hududda Ichki ishlar vazirligi va tuman hokimiyatining bevosita ko‘magi ostida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal ketmoqda. Xususan, mavjud 14 ta ko‘cha obodonlashtirildi va 2 ta ko‘cha to‘liq asfal't qilindi. Huquqbuzarlik­lar va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi.
– Oxirgi paytlarda mahallamiz yanada chiroy ochmoqda, – deydi keksa otaxon Shamsiddin Qutbiddinov. – Mana, nogironligi bor, yolg‘iz yashaydigan Matlubaxon Zufarovaning uyi ta'mirdan chiqarildi. Ayrim ko‘chalarimizda chiroqlari yo‘q edi. Ularga chiroqlar o‘rnatilib, kechalari ham kunduzdek bo‘lishi ta'minlandi. Bunday savobli ishlar davom etmoqda. Baraka topishsin mutasaddilar!

Aholi bandligi ta'minlanishi uchun ham tegishli ishlar qilinmoqda. Misol uchun, to‘quvchilik va tikuvchilik sexida 21 nafar kishi doimiy ish bilan band.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – inson qadri va uning manfaatlari uchun. Chilonzor tumanidagi «Xonto‘pi» mahallasida ham ana shu ezgu maqsad amalda bo‘y ko‘rsatmoqda. Asosiysi, bu o‘zgarish­lardan mahalla ahli mamnun.

Sarvar SOBIROV,
© POSTDA – Na postu

Barcha yangiliklar

Text to speech