Xalqimizda «Mehmon otangdek ulug‘» degan naql bor. Ammo «tuz yegan joyiga tupurgan» kimsalar mehmonlik sharafiga dog‘ tushiradi. Ishonch – eng nozik omonat. Ushbu omonatga xiyonat qilib, o‘zganing mulkiga ko‘z olaytirish insof mezonlariga ham, qonun-qoidalarga ham ziddir. Har qanday «nonko‘rlik» esa ertami-kechmi qonun oldida javob berishni talab qiladi.
Buxoroyi sharifdan poytaxtga rizq izlab kelgan Dilshod (ism-shariflar o‘zgartirildi)ning shaharga joylashib olishi qiyin kechmadi. Sababi, bu yerda uning mahalladoshi To‘lqin bor edi. To‘lqin nafaqat uyining to‘ridan joy berdi, balki topganini u bilan baham ko‘rdi. Hatto Dilshodning qiynalganini ko‘rib, cho‘ntagiga yo‘lkira va yeb-ichishi uchun pul ham solib qo‘yardi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, Dilshod ko‘rsatilgan beminnat g‘amxo‘rlik va insoniylikning qadriga yetmadi. Kuz oylarining salqin kunlaridan biri, tungi soat taxminan uchlar edi. Hamma shirin uyquda. Ammo spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan Dilshodning ko‘ziga sherigining shimiga osilgan avtomobil pulti ko‘rindi. Ichidagi shayton vasvasasi uni tinch qo‘ymadi. Sherigining uxlab yotganidan foydalanib, pult va kalitni o‘g‘irladi-da, pastga tushdi. Avtoturargohda turgan, mahalladoshining kredit asosida sotib olgan «Gentra» rusumli avtomashinasini ruxsatsiz haydab qochdi. Mast holda rul boshqargan Dilshodning «sayohati» uzoqqa cho‘zilmadi. Chilonzor tumanidagi «Bunyodkor» ko‘chasida u yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari tomonidan to‘xtatildi. Hujjatlar yo‘q, haydovchi esa mast... Natijada mashina jarima maydonchasiga yo‘l oldi. Ertalab uy g‘onib, mashinasi va kaliti yo‘qligini ko‘rgan To‘lqinning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. U darhol «102»ga xabar berdi. Ko‘p o‘tmay, «mehmon »ning qilmishlari fosh bo‘ldi.
Sud majlisida Dilshod Niyozov o‘z aybiga iqror bo‘ldi, pushaymonligini bildirdi. Garchi jabrlanuvchi uni kechirganini va da’vosi yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, u qonun oldida javob berishi kerak. Bu Dilshodning birinchi jinoyati emas edi – u muqaddam ham sudlanib, unga nisbatan axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, Dilshod Niyozovga o‘talmagan qo‘shish orqali muayyan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qilgan qilmishi va boy berilgan ishonch haqida panjara ortida mulohaza yuritadigan bo‘ldi. Bu voqea barchamizga xulosa bo‘lishi kerak: birovning ishonchi – eng katta omonat. Unga xiyonat qilish esa hech qachon jazosiz qolmaydi.