25 May 2024 Yil 2142

«Ma'muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas'uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi

Farmonga koʻra adliya organlarining quyidagi qoʻshimcha 4 ta faoliyat yoʻnalishlari belgilandi:

aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrib borish;

joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;

fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish va muvofiqlashtirib borish;

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida

yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam koʻrsatib borish.

Farmon bilan, tuman (shahar) adliya boʻlimlariga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

aholi tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni koʻrib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda «Adliya kuni» tadbirlarini oʻtkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda

har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatib borish;

uyma-uy yurish va «Huquqiy koʻmak» aksiyalarini oʻtkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

«mahalla yettiligi»ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati

va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, ular tomonidan «Online-mahalla» platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish;

aholiga, avvalambor «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» hamda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatilishini taʼminlash;

yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlarni qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;

davlat organlarining tuman (shahar) boʻlinmalari, hokimliklar hamda mahallalarda yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam koʻrsatib borish.


Farmon bilan, aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda qoʻshimcha qulayliklar yaratilmoqda:

– 2024-yil yakunigacha davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish – Face-ID usuli ishga tushiriladi. Bunda, davlat xizmatlari markaziga kelgan fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi;

– fuqarolar davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida bepul identifikatsiya qilinadi;

Mobile-ID – shaxsni uning telefon raqami orqali aniqlash tizimi.

– yangi davlat xizmatlari koʻrsatishni joriy etishdan avval ular, zaruratga koʻra, maʼlum hududda 6 oylik sinovdan oʻtkaziladi;

– davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali koʻrsatiladigan 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda hamda

18 turdagi xizmatlar proaktiv va kompozit shakllarga oʻtkazilmoqda;

– ayrim davlat xizmatlaridan mahalladan chiqmay foydalanish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga agent sifatida 15 turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beriladi;

Soliq qarzi mavjud emasligiga oid maʼlumotnomalarni olish, xalqaro imtihon boʻyicha yuqori ball olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish va boshqalar.

– aholi gavjum joylarda, mahallalarda 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini koʻrsatadigan interaktiv kiosklar bosqichma-bosqich oʻrnatiladi.


Farmonga koʻra:

1) «Mahalla huquqshunosi» loyihasi amalga oshiriladi, mahalla raislari kundalik hayotda kerak boʻladigan huquqiy sohalar boʻyicha qisqa muddatli bepul oʻquv kurslarida oʻqitiladi;

2) mahallalarda haftaning har chorshanba kuni «Huquqiy targʻibot kuni» oʻtkaziladi va quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

– «Online-mahalla» platformasiga kiritilgan va joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targʻibot tadbirlari tashkil qilinadi;

– aholi uchun eng dolzarb masalalarni aniqlash orqali ular yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar beriladi;

– ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar

va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik ish bilan taʼminlash, ijtimoiy yordam olish tartibi boʻyicha tizimli huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi;

– kundalik hayotda eng koʻp zarur boʻladigan davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda ulardan Yagona portal va boshqa elektron resurslar orqali foydalanishning afzalliklari toʻgʻrisida huquqiy targʻibot tadbirlari tashkil qilinadi;

3) 2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatish tartibi joriy qilinadi. Bunda, Adliya vazirligi tomonidan «Madad» NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman

va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi.

Huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali

hal etishda zarur boʻladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashiladi.


Farmonga koʻra:

1) yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda huquqiy immunitetini shakllantirishga qaratilgan «Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan» gʻoyasi asosida:

– yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissini kuchaytirishga qaratilgan kompleks huquqiy targʻibot tadbirlari tashkil qilinadi;

– adliya organlariga yoshlarning tashrifini tashkil qilish orqali «Tengdoshimga huquqiy yordam» tadbirlari oʻtkazib boriladi;

– huquqshunoslik kasbining obroʻsi va nufuzini oshirish, yoshlarda ushbu kasbga nisbatan hurmat va faxr tuygʻularini shakllantirish, ularni huquqiy bilim olishga qiziqtirish boʻyicha amaliy tadbirlar tashkil qilinadi;

– yoshlarning huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan onlayn huquqiy savodxonlik maktabi tashkil etiladi va u orqali bepul huquqiy oʻquv kurslari joriy etiladi;

2) maktablarda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

– maxsus elektron platforma orqali huquq fani oʻqituvchilarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi;

– oʻquvchilar oʻrtasida «Huquq bilimdoni» fan olimpiadasi, huquq fani oʻqituvchilari oʻrtasida «Eng yaxshi huquq oʻqituvchisi» koʻrik-tanlovi oʻtkazib boriladi;

– maktab oʻquvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil oʻzlashtirishiga qaratilgan koʻrgazmali oʻquv qoʻllanmalari, videoroliklar, kompyuter oʻyinlari va mobil ilovalar yaratiladi;

3) maktablarda «Huquq sinfi» va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda «maktab – litsey – texnikum – universitet» tizimi joriy etiladi;

4) Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida TDYUning akademik litseylari ochiladi.

Mazkur litseylarning iqtidorli bitiruvchilari «yurisprudensiya» yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilinadi.


Farmonga koʻra:

1) Adliya vazirligi tizimidagi 4 ta malaka oshirish tashkilotlari negizida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etiladi;

2) Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oluvchi ilmiy tadqiq qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi:

– adliya organlari faoliyati, huquqiy xizmatlar koʻrsatish,

sud ekspertiza, arxiv ishi va ish yuritish sohalarini ilmiy-metodik

va konsultativ jihatdan taʼminlash;

– aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish ishlari samaradorligini ilmiy tadqiq etish va tavsiyalar ishlab chiqish;

– huquqshunoslikning dolzarb masalalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;

– yuridik taʼlim va huquqiy xizmatlar koʻrsatish sohalarini huquqiy texnologiyalarni qoʻllash orqali rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;

– loyihaviy yondashuv asosida hudud va sohalardagi huquqiy muammolarni joyiga chiqqan holda tadqiq qilish va takliflar tayyorlash.


Unga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan yuritiladigan Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi.

Aholining yagona elektron reyestri Oʻzbekiston fuqarolari, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlari yagona elektron bazasi hisoblanadi.

Reyestr tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatishnotarial harakatlarni rasmiylashtirishbank, kommunal, sugʻurta va boshqa ommaviy xizmatlarni koʻrsatishda ushbu reyestrdan foydalaniladi.


Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan 2026-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha koʻrib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.

Huquqiy eksperiment doirasida:

– Adliya vazirligi huzurida Oliy apellyatsiya kengashi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashi tashkil qilinadi;

– apellyatsiya kengashlari maʼmuriy organlarning qonunchilikka muvofiq boʻlmagan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi maʼmuriy hujjatlarini sudgacha koʻrib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni oʻzgartirish, qisman yoki toʻliq bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi (bundan qonunchilikka muvofiq faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki oʻzgartiriladigan hujjatlar mustasno);

– maʼmuriy organlarning qonunchilikka muvofiq boʻlmagan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi maʼmuriy hujjatlarini apellyatsiya kengashlari tomonidan koʻrib chiqish manfaatdor shaxslarning shikoyatlari hamda davlat xizmatlarini koʻrsatishni monitoring qilish natijalariga koʻra amalga oshiriladi;

– apellyatsiya kengashlarining qarorlari «E-qaror» elektron tizimida eʼlon qilib boriladi, shuningdek, maʼmuriy shikoyat boʻyicha maʼmuriy ish yurituvi ishtirokchilariga maʼlum qilinadi va maʼmuriy organlar tomonidan ularning bajarilishi majburiy hisoblanadi;

– apellyatsiya kengashlarining qarorlari yuzasidan manfaatdor shaxs tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin, maʼmuriy organlar uchun mazkur qarorlar qatʼiy hisoblanadi va ularning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emasligi belgilanmoqda.


Farmonga koʻra, 2024-yil 1-iyundan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Bunda:

– Adliya vazirligi tomonidan davlat organlarining faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib huquqiy targʻibot materiallari tayyorlanadi hamda ularning eng quyi boʻgʻinigacha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali yuboriladi;

– davlat organlarining huquqiy axborotni yetkazishga oid faoliyati raqamlashtiriladi va huquqiy targʻibotning innovatsion usullari keng tatbiq etiladi;

– davlat organlarida oʻz faoliyati sohasiga oid huquqiy axborotlarni aholiga yetkazish faoliyatini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirishga masʼul boʻlinmalar belgilanadi;

– davlat organlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish darajasi va sifati ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.

– davlat organlari huquqni qoʻllash amaliyotidagi mavjud muammolar, qonunchilikdagi boʻshliq va ziddiyatlarni bartaraf etish boʻyicha takliflarini Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali Adliya vazirligiga kiritadi.



Barcha yangiliklar

Text to speech