Poytaxt aholisi murojaatlarini tinglash, muammolarini o‘rganib hal etish, ularni qiynayotgan savollariga javob topish Toshkent shahar IIBB rahbariyatining doimiy diqqat-eʼtiborida. Shu maqsadda, shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatovning navbatdagi sayyor qabuli Bektemir tumanidagi aholining mavjud muammolarini o‘rganishga qaratildi.
Profi universitetida bo‘lib o‘tgan qabulda rahbar tomonidan 60 ga yaqin fuqaro qabul qilinib, ularning vaj-eʼtirozlari va takliflari eshitildi. Ulardan o‘ndan ortig‘i moddiy yordamga muhtojligi bois, olti nafari ishsizligi, besh nafari kommunal to‘lovlardagi mavjud qarzdorlikni uzishda yordam so‘ragan bo‘lsa, yetti nafar fuqaroga savollari bo‘yicha qonunchilik doirasida tushuntirishlar berildi. 24 nafar fuqaroning iltimosnomalari joyida o‘z ijobiy yechimini topdi.
Murojaat qiluvchilar orasida tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari bilan bog‘liq 22 ta holat o‘rganildi. Barcha holatlar nazoratga olinib, murojaatchining vajlarini to‘liq tekshirish yuzasidan tegishli xizmatlarga ko‘rsatmalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishlarni talab qiladigan murojaatlar obyektiv o‘rganilib, ijobiy hal etish borasida mutasaddi xodimlarga zaruriy topshiriqlar berildi.
Qabulga kelganlar ko‘rilgan choralar va berilgan yo‘l-yo‘riqlardan qoniqish hosil qildilar.
Bu kabi tadbirlar bardavom bo‘lib, maqsad - aholi turmushini yaxshilash, ularning osoyishta va tinch yashashlarini taʼminlashga qaratilgandir.