30 Noyabr 2024 Yil 559

Ziqnalikmi yoki tejamkorlik?!

      Shunday odamlar borki, bir soʻm sarflasa, kechasi bilan uyqusi kelmay toʻlgʻanib chiqadi. Qanday qilib boʻlsa-da uni ikki baravar qilib qaytarish haqida oʻylaydi. Ismoil shundaylardan boʻlib chiqdi. U bekorchilikdan tanishi Kenjaboyni shahar aylanishga chaqirdi. Kenjaboy aylangani puli yoʻqligini aytganida, “xavotir olma, menda bor, keyin berarsan”, dedi. Sayr chogʻida birga tamaddi qilishdi, mineral suv olib berdi yana mayda-chuyda degandek. Ha aytgandek, taksi pulini ham toʻladi. Kechga yaqin xayrlashishdi. Ismoil bir kun kutdi, ikki kun kutdi. Kenjaboydan darak boʻlmadi. Oradan bir hafta oʻtib, yaʼni 2021-yilning 7-yanvar kuni soat 19.00 larda uni uchratib qoldi va ovqatlanish pulini Kenjaboyga toʻlattirish niyatida uni qahvaxonaga taklif qildi. Biroq u yana yonida puli yoʻqligini aytganida, Ismoilning tepa sochi tikka boʻldi. Biroq miyasiga yashin tezligida kelgan fikrdan oʻzini bosib, undan zarur qoʻngʻiroq qilishi kerakligini aytib, telefonini soʻradi. Bahosi 5.500.000 soʻmlik “Samsung A 52” rusumli telefonni olib gaplashayotgan boʻlib, Kenjaboyning chalgʻiganidan foydalanib, voqea joyidan yashirindi. Biron soat oʻtmay, uni 1.850.000 soʻmga sotib yubordi. 14-yanvarda esa Doʻmbirobod koʻchasidagi uylardan birida ijarada birga yashovchi Jamoliddinning 2.050.000 soʻmlik “Redmi Note 8” rusumli uyali telefonini qoʻngʻiroq qilish uchun soʻrab olib, qaytarib bermadi. Uning telefonini 700.000 soʻmga sotib yubordi. Hamxonasining aybi esa puli yoʻqligi uchun oʻtgan oy ijara pulini toʻlay olmay, Ismoildan qarz olgani edi. 

        – Tergov jarayonida Ismoil oʻzini aybdor deb bilmadi. Aldov yoʻli bilan olingan telefonlarni ularga sarflagan pullari evaziga tovon puli deb hisobladi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, mayor Rustam Jepbiyev. – Har bir harakatini pulga chaqadigan bu shaxsda birovga yaxshilik qilish, oʻzaro yordam, beminnat, begʻaraz qoʻllab-quvvatlash degan tushunchalar umuman begona ekanligi kishini hayron qoldiradi. 

        Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida Jahongirning qilmishini koʻrib chiqib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Sud uning aybiga iqrorligi, yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplaganligi, jinoyatning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga oldi. Uni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin, degan xulosaga kelib, ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 1 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech