Ogohlik – davr talabi. Bu ibora bejizga aytilmagan. Bu so‘zning dolzarbligi va muhimligi ko‘p bora isbotini topgan. Mana yana bir misol. Yakkasaroy tumanida yashovchi Ja’farning xulq-atvori so‘nggi paytlarda o‘zgardi. Afsuski, bu o‘zgarish ijobiy tomonga emas, salbiy tomonga bo‘ldi. Tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, vaqt o‘tib u yashab kelayotgan xonadonga to‘da-to‘da shubhali yoshlarning tashrifi kuzatila boshlandi. Mahalla faollarining tanbehiga u har safar o‘rtoqlari bilan uchrashib o‘tirish qonunda ma’n qilinmaganligini aytib baland kelardi. 2024 yilning 22 yanvarida tuman IIO FMB xodimlari “102” raqamiga qilingan qo‘ng‘iroq bo‘yicha xonadonga tashrif buyurishdi. Xodimlar Ja’farga noqonuniy saqlanayotgan buyum yoki narsalar bo‘lsa, ixtiyoriy ravishda topshirishni tavsiya etishdi. Ja’far yotoqxonasidan o‘tkir hidli, kukunsimon moddalar solingan 3 dona paketni olib chiqib berishga majbur bo‘ldi. Ekspertiza xulosasi uning giyohvandlik moddasi ekanligini tasdiqladi. “Men oilaviy sharoitim og‘ir bo‘lganligi, hayotda qiynalib ketganimdan giyohvandlik iste’mol qilib g‘amlarni unutmoqchi bo‘ldim. Ijtimoiy tarmoq orqali yozishmalar olib borib “admin”ga chiqdim. Boshida u taklif qilgan moddaga buyurtma berib, yuborilgan raqamlarga 250.000 so‘m o‘tkazdim. Telefonimga tashlangan lokatsiya bo‘yicha borib, buyurtmani oldim. Shu-shu ushbu kanalga kirib o‘zimga kerakli moddalarga buyurtma bera boshladim, ba’zan o‘rtoqlarim bilan ham iste’mol qilardik”, deb ko‘rsatma beradi Ja’far tergov jarayonida. Hali yigirma beshga ham kirmagan, navqiron yoshdagi yigitning hayotdan qiynaldim, g‘am-tashvishlar ezib qo‘ydi, deya nolishi uning ma’naviy-ma’rifiy dunyosining kemtikligi, ruhiy ojizligi, irodasi bo‘shligi, ter to‘kmay yengil yashash orzusidan darak beradi, xolos. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi ochiq sud majlisida 2000 yilda tug‘ilgan U.Ja’farning jinoiy qilmishlarini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan aybdor deb topib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shu o‘rinda hayot tashvish va g‘amlarini bir necha daqiqaga, boring ana bir necha soatga unutishga yordam bergan giyohvandlik yetti yillik umringga qora chiziq tortishga, “qamalib chiqqan”, “giyohvand” degan tamg‘ani ko‘tarib yurishingga arzirmikan, degan savol tug‘iladi. Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan A.Bafoyevning ish yurituvidan olindi.