15 Aprel 2025 Yil 530

“Jentlmen”chilikni qotirmadi

Mastlik albatta jinoyatga yetaklaydi. Biroq Boburning misolida bu boshqacharoq, ya’ni oldindan tayyorlanganligi bilan farq qiladi. U tanishi Gulhayoning iltimosiga ko‘ra, go‘yoki ayolni kamsitib, sha’niga putur yetkazgan “gunohkor” Z.Eldor bilan “erkakchasiga” gaplashib qo‘yish - “jasorat” uchun atay spirtli ichimlik ichib uchrashuvga keldi. Kelishuv bo‘yicha avval Gulhayo chiqib, Eldordan bundan bir necha yil avval o‘rtalarida sodir bo‘lgan noxush holatni eslatib, kechirim so‘rashi hamda gunohini yuvish uchun tovon puli to‘lashi zarurligini aytdi, ammo erkak ko‘nmadi. Baqir-chaqir avjiga chiqqach esa “jentlmenimiz” avtomashinadan tushib kelib, nizoga aralashdi. Eldor “bir so‘m ham ololmaysanlar, bilganlaringni qillaring!”, deya orqa o‘girib keta boshladi. Maqsadlari amalga oshmagan Bobur mashinadagi oshxona pichog‘ini olib uning ortidan borib sanchdi. 2024 yil 17 mart kuni tonggi soat 07.00 larda Uchtepa tumani “Abdulla Qodiriy” mahallasi bo‘ylab harakatlangan “tez tibbiy yordam” avtomashinasining tashvishli signali mahalla ahlining tinchini buzdi.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi Eldorga yetkazilgan jarohatlarni hayot uchun xavfli – og‘ir tan jarohati ekanligi haqida xulosa berdi.
Aslida voqeani chuqur o‘rganmay, asl mohiyatini anglamay, ayolga o‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi, shu bilan uning hurmati va ishonchiga sazovor bo‘lmoqchi bo‘lgan Bobur noto‘g‘ri yo‘l tanlagan, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Dias Abdullayev. – Tergov jarayonida ham o‘zini ayol sha’nining himoyachisi sifatida ko‘rsatishga harakat qildi. Shaxsning qadr-qimmati daxlsiz, ammo u o‘zga shaxsning hayotiga tajovuz qilish evaziga bo‘lmasligi kerak.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1994 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bor Q.Boburning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “a” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech