O‘sha kuni Samat o‘z hamkasblari bilan Yunusobod tumanidagi dehqon bozorda o‘z xizmat burchini bajarayotgandi. Kech tushib, bozor siyraklasha boshlagan. Uning sherigi Izzatbek Ibragimov o‘zini shubhali tutgan fuqaroni to‘xtatib tekshirmoqchi bo‘lganida, ushbu fuqaro Izzatbekning hayotiga suiqasd qilib bo‘yin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazib voqea joyidan qochib ketadi. Atrofda bo‘lgan fuqarolar baqir-chaqir qilib qolishdi. Samat hamkasblari: safdor Sardor Abzalov va profilaktika inspektori, leytenant O‘ktam Normamatovlar zudlik bilan o‘sha tomonga shoshilishdi. Shoshilganidan oyog‘i lat yeganini keyin – jinoyatchini zararsizlantirgandan so‘ng ancha vaqt o‘tib sezdi. Izzatbekka birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rib, jinoyatchini ushlashga oshiqishdi. Voqea guvohi bo‘lgan fuqarolar jinoyatchining qo‘lida pichoq borligini, avtobusga o‘tirganini ma’lum qilishdi. Avtobus siljimasdan xodimlar yo‘lovchilarni avtobusni tark etishlarini so‘rab murojaat etdilar. Jinoyatchiga esa taslim bo‘lishni buyurishdi. Eshik oldiga yaqinlashganda qo‘liga urib pichog‘ini tushirishga erishilgach, qurolsiz qolgan zo‘ravonni qo‘lga olish qiyin kechmadi. Katta serjant Samat Karjanbayev Respublika Qurolli kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, 2010 yilda poytaxt IIBB 1-bataloni 1-otryadida safdor bo‘lib xizmat faoliyatini boshladi. Xizmat davomida o‘z bilimlari va malakasini oshirish kerakligini anglagan Samat O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga o‘qishga kirib, xizmati haqida yanayam ko‘proq bilimlarga, ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Kichik serjant Samat Karjanbayev IIBB 1-batalonida xizmatni davom ettirarkan, kurslarda olgan bilimlarini samarali qo‘llash orqali ijobiy ko‘rsatkichlarga erishib, guruh komandiri lavozimigacha ko‘tarildi. 2014 yili poytaxt IIBB miqyosida o‘tkazilgan tanlovda “Eng yaxshi guruh komandiri” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Poytaxtimizda o‘tkaziladigan ommaviy, bayram tadbirlari, xalq sayillarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida o‘tkaziladigan tezkor profilaktik tadbirlarda faol ishtiroki qatorida, ularning tinch va osoyishta o‘tishini ta’minlashda uning ham hissasi borligini ta’kidlash joizdir. Kuni kechagi voqeada jinoyatchini qo‘lga olishda ko‘rsatgan dadil va keskin harakatlari Ichki ishlar vazirligi, poytaxt IIBB rahbariyatining e’tiboridan chetda qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan katta serjant Samat Karjanbayev “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofot IIBBda tantanali ravishda o‘z egasiga topshirildi. Samat bu mukofot Birgina unga emas, balki hamkasblari, qolaversa butun bir jamoaga berilgan mukofot deb hisoblaydi. Yunusobod tumani IIO FMB PPX otryadi guruh komandiri lavozimida xizmat burchini halol, vijdonan bajarib kelayotgan katta serjant Samat Karjanbayev asli oddiy ishchi oilasidan. Xizmatning mas’uliyati, mashaqqatiga qaramay, turmush o‘rtog‘i – uy bekasi To‘lg‘anoy bilan birgalikda uch nafar farzandlarini el-yurt koriga yaraydigan, halol va vijdonli kishilar qilib tarbiyalashga, ularning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari bilan qiziqishga vaqt topa oladi. Yillar o‘tib, farzandlaridan biri ota izidan borib, yurt osoyishtaligi, tinchlik-xotirjamligini ta’minlash, Vatan, xalq manfaatlari himoyasida bo‘lishga qaror qilsa, demak, ota farzandlariga ibrat va namuna bo‘lolganidan darak beradi.